20.02.2024
Daraxt tanasi yoki ildizining tashqi qobig‘i po‘stloq deb ataladi. Biroq uni qobiq deb atash notoʻgʻri. Chunki bu tana yoki ildizning tashqi qismi. Baʼzan uning qalinligini aniqlash juda qiyin boʻlishi mumkin, masalan, palma kabi daraxtlarda qobiq va yogʻoch oʻrtasida aniq chegara yoʻq. Daraxt uchun poʻstloq nega kerak? Uning asosiy funksiyalaridan biri — daraxtning ichki, nozik qismini himoya qilish. Qobiq uni qurishdan saqlabgina qolmay, balki har qanday tashqi shikastlanishdan ham himoya qiladi.
Baʼzi daraxtlarning qobigʻi hatto olovga ham qarshilik koʻrsatishga qodir. Amerikada qalin, tolali poʻstlogʻida yongʻin izlari boʻlgan, ammo ishonchli himoyalanib, yogʻochi shikastlanmagan mamont daraxtlari topilgan. Poʻstloq hosil boʻlish jarayoni uzoq yillarga choʻzilishi mumkin. Masalan, zarang daraxtining juda yosh novdasida qobiq umuman boʻlmaydi va yosh shoxlarning yuzasi mutlaqo silliq boʻladi. Shuning uchun bunday novdaning yogʻoch qismi oʻsishni boshlaganda, yumshoq tashqi qobigʻi u yoki bu joyida yorilib ketishi mumkin. Shunday boʻlsa ham odatda bunday shikastlanish daraxtga zarari yoʻq va u oʻzini ichkaridan davolaydi.
Asta-sekin yosh oʻsimlik tashqi qobigʻining qismlari birin-ketin qurib oʻladi. Bu oʻlik tangachalar poʻstloqqa shunday qoʻpol koʻrinish beradi. Daraxtning oʻsib voyaga yetishi mobaynida ularning bir qismi muntazam ravishda sinib tushadi yoki daraxtning oʻzi tomonidan tashlab yuboriladi. Odamlar oʻzining ehtiyojlari uchun koʻplab daraxtlarning poʻstlogʻidan foydalanishni oʻrgangan. Masalan, deyarli barcha yogʻoch tiqinlar poʻkak emani poʻstlogʻidan tayyorlanadi. Zangpoya poʻstlogʻi terini oshlash uchun ishlatiladi. Bizga “dolchin” nomi bilan maʼlum boʻlgan va taom tayyorlashda ishlatiladigan ziravor Janubi-sharqiy Osiyoda oʻsadigan daraxt poʻstlogʻining maydalangan kukunidir.
Xinin — bezgakka qarshi ajoyib dori boʻlib, u xinin daraxtini poʻstlogʻidan olinadi. Umuman, tibbiyotda turli xil daraxt turlarining shox va ildizlaridan olinadigan koʻplab ekstraktlar qoʻllaniladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.