20.02.2024
Bir vaqtlar evkalipt faqat oʻz vatani — Avstraliyada oʻsar edi. Biroq endi u odamlar yordamida butun dunyoga tarqalgan. Ularni Yevropa, Shimoliy Afrika, Hindiston, Janubiy Amerika va AQShning janubida uchratish mumkin.
Evkaliptning koʻrinishi uni ilgari koʻrmagan odamda unutilmas taassurot qoldiradi. Bu etli va qalin qoplamali barglari pastga osilib turgan, baland, chiroyli daraxtdir. Evkaliptning baland va alifdek toʻgʻri tanasi juda tez oʻsadi: ayrim daraxtlarning yiliga toʻrt metrgacha oʻsgani maʼlum boʻlgan holatlar mavjud. Boʻyi salkam ulkan Kaliforniya sekvoyasi kabi yuz metrga yetadigan evkalipt daraxtlari uchrab turadi.
Evkalipt juda foydali daraxtdir. Uning inson uchun qimmatli xususiyatlari juda xilma-xil. Masalan, evkalipt daraxti koʻp miqdorda namlik talab qilgani tufayli ular koʻpincha botqoqli hududga ekiladi. Natijada dunyoning baʼzi mintaqalarida bu bezgak va boshqa kasalliklarga chalinganlar sonining kamayishiga olib keladi. Evkalipt tabiiy sharoitlarga bunday shifobaxsh taʼsir bilan cheklanib qolmasdan, odamni turli dori vositalari bilan ham taʼminlaydi. Bu daraxt barglari hidi biroz kamfaraga oʻxshash och sariq rangdagi suyuqlik bilan toʻldirilgan, koʻplab kovakchalar bilan qoplangan. Bu koʻpincha shifokorlarning yuqori nafas yoʻllarini ochish uchun bemorlarga beradigan evkalipt yogʻidir. U koʻp hollarda buyrak faoliyatiga foydali taʼsir koʻrsatadigan va asab tizimini tinchlantiradigan ichki vosita sifatida ham ishlatiladi. Hatto baʼzida jarrohlikda antiseptik — infeksiyaning oldini oluvchi dori sifatida ishlatiladi.
Evkalipt yogʻochi yuqori qattiqlikka ega, ammo unga ishlov berish oson. U ayniqsa yogʻoch kemalarni qurishda, shuningdek, chiroyli, yaltiroq yuzaga ega boʻlgani uchun uylarning ichki pardozi uchun material sifatida juda qadrlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.