Markazdan qochma kuch nima?
Markazdan qochma kuch haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Biror jism tortilganda, itarilganda va u o‘z joyini o‘zgartirganda (yoki umuman u bilan biron o‘zgarish yuz berganda), unga kuch qo‘llandi deyiladi. Mushaklaringiz kuchidan foydalanib, yerdagi og‘ir xodani sudrab ketayotganingizni tasavvur qiling. Kaftingizni ochsangiz, u joyida harakatsiz qotadi. Biroq, aytaylik, siz xuddi shu xodani sudrab borish o‘rniga g‘ildiratib ketyapsiz. Bunday holda uni itarishni to‘xtatganingizdan keyin ham, u birmuncha vaqt oldinga dumalashda davom etadi. Bu nima tufayli sodir bo‘ladi?

Bu effektni birinchi bo‘lib Isaak Nyuton izohlagan. Buning uchun u birinchi marta inersiya(jismlarning tashqi kuch taʼsir qilmasa, tinch yoki tekis harakatdagi holatini saqlash xususiyati) atamasini qo‘llagan. Har qanday jismdagi inersiya harakatni keltirib chiqargan kuchning taʼsiri to‘xtaganda ham uni harakatlanishda davom etishga majbur qiladi. Bunday holda, qarshilik kuchlari bo‘lmasa, jism kuch taʼsiri tugagach ham bir xil tezlikda, to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanishi kerak. Bu boshqa kuch unga taʼsir qilmaguncha davom etadi. Inersiya nima ekanini siz ketayotgan avtobus keskin to‘xtaganida va tanangiz oldinga egilib, harakatni davom ettirishga intilganida o‘zingizda sinab ko‘rishingiz mumkin. Keling, endi markazdan qochma kuchga o‘taylik.

Oldindan taʼkidlab o‘tamizki, amalda har birimiz unga duch kelganmiz. Har safar egri chiziqli trayektoriya bo‘ylab harakatlanayotgan obyektni kuzatib, uning harakati natijasini payqaymiz. Masalan, siz hali ham o‘sha avtobusdasiz va u to‘satdan buriladi. Balki bir lahzadan keyin o‘rindiqdan yiqilib, o‘rtadagi yo‘lakda yotarsiz. Hech kim sizni itarib yuborgani yo‘q: siz shunchaki markazdan qochma kuch taʼsiriga tushdingiz. Bu kuchning mohiyatini inersiya tushunchasi yordamida tushuntirish mumkin. Gap shundaki, avtobus burilganida, tanangiz oldingi yo‘nalishda to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanishga va avtobus trayektoriyasi hosil qilayotgan aylana tashqarisiga chiqishga intiladi.

Markazdan qochma kuch obyektni har doim aynan shu yo‘nalishda itarishini bilishimiz kerak. Shuning uchun, velosipedda chapga yoki o‘ngga burilganimizda, o‘zimiz ham o‘sha tomonga egilamiz. Shu tarzda, markazdan qochma kuchni muvozanatlashtiramiz va u bizni ag‘darishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!