Asparagus qanday o‘sadi?

Qadimgi yunon va rimliklar davrida asparagus nafis, tansiq ovqatlardan biri hisoblangan. Shunga qaramay, gʻalati tuyulsa-da, u hali ham koʻplab Yevropa mamlakatlarining Oʻrta dengiz sohilida, shuningdek, boshqa qumli yerlarda yovvoyi holda oʻsadi. U Rossiyaning dasht mintaqalarida shunchalik keng tarqalganki, oʻtlaydigan chorva mollari uchun ozuqa boʻlib xizmat qiladi. Yovvoyi asparagusning yuz ellikga yaqin turi issiq va tropik mamlakatlarda keng tarqalgan. Ularning aksariyati koʻpincha faqat dekorativ maqsadlarda yetishtiriladi. Ushbu oʻsimlikning ajoyib xususiyati shundaki, uning yumshoq novdalari oziq-ovqat uchun, qirqquloqsimon barglari esa uylarning ichki qismini bezatish uchun ishlatiladi.

Oziq-ovqat mahsuloti sifatida ishlatiladigan asparagusning novdalari hali barglari kurtakdan chiqmagan va uzunligi oʻttiz—oʻttiz besh santimetrdan oshmagan davrda kesib olinadi.

Asparagus — liliyalar (lolagullilarga mansub dekorativ oʻsimlik) oilasiga mansub oʻsimlik boʻlib, taʼkidlanganidek, uning koʻplab navlari mavjud. Agar oʻsimlik poyalari kesilmasdan, normal oʻsishiga qoʻyib berilsa, uning boʻyi oltmish santimetr va undan ham balandroq boʻlishi mumkin. Dastlab undan mayda oq gullar, soʻngra qizil rangli, yaltiroq rezavorlar paydo boʻladigan novdalar oʻsib chiqadi. Asparagusdan tayyorlangan shoʻrva, issiq taom va salatlar juda nafis yegulik hisoblansa-da, suv miqdori yuqori boʻlganligi sababli uning ozuqaviy qiymati past.

Asparagus urugʻlardan yoki sayoz egatlarga ekilgan ildizlardan oʻstirilishi mumkin. U tuproqning yuza qatlami yetarlicha chuqur, ozuqaviy moddalarga boy va tarkibida qum miqdori koʻp boʻlgan joyga ekilgani maʼqul. Agar oʻsimlik dastlabki uch yilda nobud boʻlmasa, keyinchalik toʻqqiz yil yoki undan koʻproq vaqt davomida har yili hosilga kiradi. Shuni yodda tutish kerakki, yaxshi hosil olish uchun har yili tuproqni oʻgʻitlash orqali boyitish kerak.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!