20.02.2024
Qor uchquni tabiatning eng goʻzal moʻjizalaridan biridir. Goʻzallikda qor uchquni bilan tenglashadigan shaklni yaratishimiz uchun koʻp kuch sarflashimiz kerak boʻlar edi. Qor yoqqanda yerga millionlab qor uchqunlari tushadi va qiziq tomoni ular orasida ikkita bir xili boʻlmaydi.
Bilamizki, qor — shunchaki muzlagan suv. Qor muzlagan suv boʻlsa, nega u oq rangda? Axir u suvdek rangsiz boʻlishi kerak-ku. Muz kristallaridan tashkil topgan qor uchquni yuzasi yorugʻlikni aks ettiradi, shuning uchun qor oq boʻlib koʻrinadi.
Suv muzlaganida kristallar hosil boʻladi. Bu molekulalar biz “kristall” deb ataydigan geometrik shaklni hosil qilib, maxsus tartibda joylashishini anglatadi.
Demak suv molekulasi uchta zarracha — ikkita vodorod va bitta kislorod atomidan iborat. Shuning uchun ham kristallanish paytida u uch yoki olti qirrali shaklni hosil qilishi mumkin.
Qorga aylanadigan suv atmosferadagi suv bugʻining bir shaklidir. Muzlagan suv kristallari shunchalik kichikki, ular koʻrinmaydi ham. Qor hosil boʻlganda bu kristallar atmosferadagi havo oqimlari bilan yuqoriga va pastga harakatlanadi.
Bunday harakatlar paytida ular mayda chang zarralari yoki suv tomchilari atrofida toʻplanadi. Shunga oʻxshash kristallar guruhi tobora koʻpayib boradi, bunday yadrolardan birining atrofida bir necha yuzta shunga oʻxshash kristall toʻplanishi mumkin.
Ushbu guruh kattalashib ogʻirlashadi va yerga tushadi. Biz uni “qor uchquni” deb ataymiz. Baʼzi qor uchqunlarining diametri uch santimetrga yetadi. Ularining kattaligi haroratga bog’liq — harorat qancha past boʻlsa, qor parchalari shunchalik kichik boʻladi.
Sayyoramizning ayrim joylarida rangli — koʻk, yashil, qizil va hatto qora qor yoqqanini bilasizmi? Bu qor uchqunlari hosil boʻlgan havoda maʼlum bir zamburugʻ yoki chang boʻlishi bilan bogʻliq.
Qor yogʻayotgan paytda hamma buni moʻjiza desa, endi siz uni qanday hosil boʻlishini bemalol tushuntirib berolasiz. ❄️
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.