20.02.2024
Ulkan oʻlchamlari tufayli odamlar togʻlarni abadiy va oʻzgarmas deb oʻylashgan. Ammo geologlar hamda togʻlarni oʻrganadigan olimlar ular oʻzgarib borishi va abadiy emasligini isbotlashdi.
Yer yuzidagi baʼzi oʻzgarishlar doimiy ravishda yemiriladigan va oʻzgaradigan togʻlarning paydo boʻlishiga olib kelgan. Togʻlarning yonbagʻirlarini muzlagan suv yemiradi, qoya tuprogʻi, uning zarralari yomgʻir va suv oqimlari bilan yuvilib ketadi. Vaqt oʻtishi bilan hatto eng baland choʻqqilar ham tepalik va tekisliklarga aylanadi.
Togʻlar millionlab yillar oldin Yer yuzidagi keskin oʻzgarishlar natijasida hosil boʻlgan. Geologlar tog‘larni shakllanish usuliga koʻra toʻrt turga ajratishadi.
“Qat-qat” togʻlar katta bosim bilan siqilgan ulkan qatlardan iborat tosh qatlamlaridan tashkil topgan. Koʻp joylarda arka va botiq linza kabi egilgan tosh qatlamlarini koʻrish mumkin. Bunday tog‘lar Yer yuzasining siqilishi va bosimi natijasida paydo bo‘ladi. Ularga Appalachi va Alp togʻlari misol boʻla oladi.
Gumbazsimon togʻlar gumbaz shaklida koʻtarilgan tosh jinslari bilan ajralib turadi. Erigan lava yuqori bosim ostida Yer yuzasiga koʻtarilib, bu tosh qatlamlarini koʻtarishga muvaffaq boʻlgan. Bunday togʻlarga AQShning Janubiy Dakota shtatidagi Qora tepaliklar misol boʻla oladi.
Yapaloqsimon togʻlar Yer qobigʻining yorilishi yoki choʻkishi natijasida paydo boʻlgan. Yer qobigʻining katta hududi, butun togʻ tizmalari qisqa vaqt ichida koʻtarilgan yoki choʻkkan. AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan uzunligi 740 km va kengligi 150 km bo‘lgan Siyerra Nevada togʻ tizmasi aynan shu turga mansub.
Vulqon togʻlari Yer yuziga chiqqan lava, vulqon kullari va shlaklardan (qora va qattiq modda) iborat. Vulqon odatda konus shaklida boʻlib, tepasida katta krater (vulqon cho‘qqisidagi tuynuk) boʻladi. Eng mashhur vulqonlar Reyner, Shasta va Xud (AQSh), Fudziyama (Yaponiya) va Vezuviy (Italiya) hisoblanadi.
Koʻpgina togʻ tizimlari yuqoridagi turlarning birlashmasi natijasida hosil boʻlgan. Rokiz (AQSh) togʻlarida siqilish, yorilish va hatto lava eroziyasi (yemirilishi) natijasida hosil boʻlgan togʻ tizmalarini ham uchratish mumkin. Ta’til paytida tog‘ga yaqinlaringiz bilan ko‘proq sayohat qilib turing. Faqat vulqon tog‘lariga bormang. Kim biladi, yana boshlanib qolmasin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.