Ob-havo qanday bashorat qilinadi?

“Ob-havo” tushunchasi atmosferaning¹ barcha: sovuq, iliq, quruq, nam, quyoshli, bulutli, shamolli, sokin kabi holatlarini oʻz ichiga oladi. Ob-havo har kuni oʻzgarib turadi. Yil davomida sodir boʻladigan barcha jarayonlar “iqlim” deyiladi.

Ob-havoga turli omillar taʼsir qiladi. Eng asosiysi — Quyosh. Quyosh issiqligi suvni bugʻlantiradi, natijada havo isiydi. Bu esa iliq havo oqimlari suv bugʻlarini osmonga olib chiqishiga sabab boʻladi. U yerda havo soviydi va bugʻlar kondensatsiyalanib² yomgʻirga aylanadi. Bu sekin yoki tez sodir boʻladi. Ob-havoning keskin oʻzgarishi oqibatida boʻronlar yuzaga keladi.

Angliya va Yevropaning qolgan qismida taxminan 200 ga yaqin ob-havoni qayd etadigan punkt mavjud. Bundan tashqari Atlantika okeanidagi “ob-havo kemalari”, shuningdek, navbatchilik qiladigan maxsus samolyotlar ob-havo oʻzgarishini kuzatadi. Ob-havo bashorati shu kabi xabar va boshqa meteorologik³ maʼlumotlar asosida tuziladi.

Xaritalar meteorologlarga (ob-havo mutaxassislari) bir xil bosimli hudud, bir xil haroratdagi joy, shamol yoʻnalishi, bulutli yoki ochiq osmon, yomgʻir yoki qor, yogʻgan yomgʻir miqdori, yuqori yoki past bosimli hududlar kabi turli xil maʼlumotlarni taqdim etadi.

Meteorologlar xaritani oʻrganish orqali maʼlum atmosfera sharoitida nima kutilayotganini taxmin qiladi. Ular past bosim tufayli namlikka toʻyingan iliq havo yuqoriga koʻtarilgach, uning oʻrnini toʻldirishga harakatlanadigan sovuq havo sababli kuchli shamol boʻlishini biladi. Yuqori bosim esa yaxshi ob-havoni anglatadi.

Shimoliy yarimshardagi yuqori bosimli hududlarda shamol soat yoʻnalishi boʻyicha, past bosimda esa soat yoʻnalishidan teskari shaklda esadi. Hatto shamol yoʻnalishini ham taxmin qilish mumkin. Meteorologlar har xil bosim ostidagi joylarning harakatlanish tezligini ham biladi.

Ushbu barcha tafsilotlarni bilgan holda mamlakatning koʻplab hududlaridan havo maʼlumotlarini olgan meteorolog sizning mintaqangizda qanday ob-havo kutilayotganini yaxshi tasavvur qiladi.


[1] Atmosfera — Yer va boshqa baʼzi sayyoralarni oʻrab turgan gazsimon qobiq.
[2] Kondensatsiya — bugʻ yoki gazsimon moddaning sovish yoki siqilish natijasida suyuq holga aylanishi.
[3] Meteorologiya — Yer atmosferasi va undagi jarayonlarni oʻrganuvchi fan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!