20.02.2024
Agar biron bir tovushni eshitsak, demak, yaqin atrofda titrash hosil qilgan tebranayotgan jism bor, chunki tovush qimirlayotgan narsadan tarqaladi.
Ammo tovush biron bir joyga tarqalishi kerak, nimadir uni qabul qiluvchiga uzatishi kerak. Bu narsa “muhit” deb ataladi. Har qanday narsa: havo, suv, buyumlar va hatto yer ham muhit boʻlib xizmat qiladi. Hindular uzoqdagi tovushlarni eshitish uchun quloqlarini yerga qoʻyishgan, shu tarzda tovushni qayerdan kelayotganini aniqlashgan.
Muhit boʻlmasa, tovush ham boʻlmaydi. Agar biron bir hajm ichida vakuum¹ hosil qilinsa, undagi tovush tarqalmaydi, chunki tovush faqatgina toʻlqin koʻrinishida tarqaladi. Tebranayotgan jism tebranishini qoʻshni molekula yoki zarrachalarga uzatadi. Harakat bir zarradan ikkinchisiga oʻtadi va bu tovush toʻlqinini paydo qiladi.
Tovush toʻlqinlari turli materiallar (yogʻoch, havo, suv) orqali tarqaladi. Shuning uchun ularning tarqalish tezligi ham har xil. Agar tovush tezligi haqida gapiradigan boʻlsak, “Qaysi muhitda?” — deb soʻrashimiz kerak.
Tovushning havodagi tezligi 0 °C da taxminan 335 m/s. Harorat oshishi bilan tovushning tarqalish tezligi ham oshadi.
Tovush havoga qaraganda suvda tezroq tarqaladi. 8 °C haroratda uning tarqalish tezligi taxminan 1435 m/s yoki soatiga 6 ming km ni tashkil qiladi. Metallda esa bu tezlik taxminan 5000 m/s yoki soatiga 20 000 km ga yetadi.
Ehtimol, kuchli tovush kuchsiziga qaraganda yuqori tezlikka ega deb oʻylarsiz. Lekin unday emas. Uning tezligi ohangga bogʻliq emas. Tovush tezligi tarqalish muhitiga bogʻliq.
Oʻzingiz turli muhitlardagi tovush tezligini solishtirish boʻyicha tajriba oʻtkazishingiz mumkin. Suvdan ikkita tosh olib, bir-biriga uring. Endi suv ostida bu toshlarni yana taqillating. Ovoz havoda emas, suvda yaxshiroq tarqalishidan hayratda qolasiz.
[1] Vakuum — idishga qamalgan, bosimi atmosfera bosimidan ancha past boʻlgan gaz holati.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.