20.02.2024
Yogʻlar — oʻsimlik va hayvon organizmining suyuq yoki qattiq holatdagi tarkibiy bir qismi. Hayvon yogʻlari koʻpincha qattiq holatda boʻladi. Suyuq yogʻlar, shuningdek, yogʻ moylari deb ham ataladi. Biroq barcha moylar ham yogʻ emas.
Suyuq yoki qattiq holatdagi yogʻlar umumiy xususiyatlarga ega: ular suvda erimaydi. Suv yogʻlarni hatto namlamaydi ham — u yuza boʻylab yoyilmaydi, balki tomchilar shaklida toʻplanadi. Yogʻlar va moylar suvdan yengilroq boʻlgani uchun suv yuzasida suzib yuradi.
Yogʻlarni oʻrganish shuni koʻrsatdiki, ularning barchasi uchta kimyoviy element — uglerod, vodorod va kisloroddan iborat. Binobarin, bular organik birikmalardir. Kimyoviy reaksiyalar natijasida yogʻlar tarkibiy qismlarga boʻlinadi, ulardan biri har doim glitserindir. Ikkinchi komponent — “yogʻ kislotasi”. Yogʻ kislotasining turli tarkibiy qismlari esa turli xil yogʻlar va moylar mavjudligining sababidir.
Yogʻlar suvda erimaydi, lekin benzin kabi boshqa suyuqliklarda yaxshi eriydi. Yogʻli dogʻni ketkazadigan shunga oʻxshash suyuqliklarning baʼzilari “dogʻ tozalash vositasi” sifatida sotiladi.
Agar yogʻ ishqor bilan qaynatilsa, glitserin va sovun hosil boʻladi. Demak, sovun yogʻ kislotasining ishqoriy tuzidan paydo boʻladi. Ushbu jarayon “yogʻning sovunlanishi” deb ataladi. Agar yogʻ sovunli suvda chayqalsa, yogʻ parchalanib pufakchalar massasini hosil qiladi va bu suvning sut rangiga oʻtishiga olib keladi. Ushbu jarayon “emulgatsiya” deb nomlanadi, barcha yogʻlar emulgatsiya qilinishi mumkin.
Uglevodlar va proteinlar (oqsillar) bilan birgalikda yogʻlar inson oziq-ovqatining uchta asosiy turiga kiradi. Ular tanada emulgatsiya qilinadi va yonib, energiya ishlab chiqaradi. Beradigan energiyaga koʻra, 30 gramm yogʻ taxminan 60 gramm uglevod yoki oqsilga teng.
Qattiq, shuningdek, suyuq yogʻlar ham ochiq havoda uzoq vaqt qolganida tezda buziladi. Ular “taxir”, yaʼni yoqimsiz taʼm va hidga ega boʻladilar. Buning sababi shundaki, yogʻ parchalanadi va yogʻ kislotasi oʻz kimyoviy tarkibini oʻzgartiradi.
Mana, endi yogʻ bilan sovun bir-biriga bogʻliqligini bilib oldik!
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.