Sellyuloza nima?

Oʻsimlik va hayvonning yumshoq toʻqimalari sellyulozaga ega. Aynan sellyuloza tufayli oʻsimliklar egiluvchandir. 

Sellyuloza — glyukoza qoldigʻidan hosil boʻlib, oʻsimlik hujayralari qobigʻining asosiy tarkibiy qismi boʻlgan yuqori molekulali birikma.

Deyarli barcha yashil oʻsimliklar oʻz ehtiyoji uchun sellyuloza ishlab chiqaradi. U shakar bilan bir xil elementlar, yaʼni uglerod, vodorod va kisloroddan iborat. Xuddi shu elementlar havo va suvda ham mavjud. Shakar barglarda hosil boʻlib, oʻsimlik shirasida eriydi. Soʻng oʻsimlikning butun tanasiga tarqaladi. Shakarning asosiy qismi oʻsimlik oʻsishi va tiklanishiga yordam beradi, qolgani esa sellyulozaga aylanadi. Oʻsimlik undan yangi hujayralar qobigʻini yaratish uchun foydalanadi.

Sellyuloza — sunʼiy ravishda olib boʻlmaydigan tabiiy mahsulotlardan biri. Biz undan turli sohalarda foydalanamiz. Odam quruq, hatto nami qolmagan oʻsimlikdan ham sellyuloza oladi. Masalan, yovvoyi paxta — kiyim ishlab chiqarishda odam foydalanadigan tabiiy sellyulozaning eng sof shakllaridan biri.

Sellyuloza inson oziq-ovqat sifatida foydalanadigan koʻkat, selderey kabi o‘simliklar, shuningdek, kepakli mahsulotlar tarkibida bor. Inson tanasi sellyulozani hazm qila olmaydi, ammo undan parhezda “dagʻal ozuqa” sifatida foydalanishi mumkin. Qoʻy va tuya kabi ayrim hayvonlar oshqozonida sellyulozani hazm qila oladigan bakteriyalar mavjud.

Sellyuloza qimmatbaho xomashyo boʻlib, odam undan turli xil mahsulotlar oladi. Tarkibi 99,8 foiz sellyulozadan tashkil topgan paxta esa sellyuloza tolasidan nimalar ishlab chiqarish mumkinligini ko‘rsatuvchi ajoyib namuna. Agar paxtaga azot va sulfat kislota aralashmasi bilan ishlov berilsa, biz portlovchi modda boʻlgan piroksilinga ega boʻlamiz.

Turli xil kimyoviy ishlovlar bilan sellyulozadan boshqa mahsulotlar ham olish mumkin. Masalan, fototasma uchun asos, lok (buyumlarni yaltiratish, pardozlash uchun ishlatiladigan suyuqlik) uchun qoʻshimchalar, mato, sellofan va boshqa plastik materiallar ishlab chiqarish uchun viskoza (sellyulozadan maxsus yoʻl bilan olinadigan yopishqoq modda va undan tayyorlangan sunʼiy ipak) tolalari shular jumlasidandir. Sellyuloza qogʻoz ishlab chiqarishda ham keng qoʻllanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!