20.02.2024
Shimoliy va Janubiy qutb hududlari koʻpchiligimiz uchun sirlidir. Biz ushbu qutblar nimani ifodalashi haqida noaniq tushunchalarga egamiz va ular bir-biriga juda oʻxshash deb oʻylaymiz.
Ammo ajablanarli tomoni shundaki, Antarktida (Janubiy qutb mintaqasi) va Arktika (Shimoliy qutb mintaqasi) oʻrtasidagi farqlar oʻxshashliklarga qaraganda koʻproq. Janubiy qutb hududini asosan Antarktida deb nomlangan qitʼa egallaydi. Ushbu muz va qor bilan qoplangan qitʼa Amerika Qoʻshma Shtatlari maydonidan deyarli ikki baravar katta. Shimoliy qutb hududini esa Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo qirgʻoqlarini oʻrab turadigan Shimoliy Muz okeani egallaydi.
Yana bir farq shundaki, odamlar, hayvon va oʻsimliklar asta-sekin Shimoliy qutb tomonga harakatlanib, sharoitlarga moslashib borgan. Janubiy Amerikadan tashqari boshqa qitʼalardan yuzlab kilometr okean bilan ajralib qolgan Janubiy qutb mintaqasida esa na hayvonlar, na odamlar yashay oladi. Oʻsimliklardan faqat lishayniklar, mox (yoʻsinlar) va oʻtsimon oʻsimliklar hamda baʼzi gul turlari mavjud.
Aytgancha, pingvinlar tomonidan bu hudud muvaffaqiyatli oʻzlashtirilganining sabablaridan biri — dushmanlarning yoʻqligi.
Antarktida iqlimi qanday? Uning ikkita asosiy xususiyatini taʼkidlash mumkin: yozda ham sovuq harorat va dunyodagi eng kuchli shamollar. Shimoliy qutb mintaqasida esa atrofdagi okean yuzasidan koʻtarilgan havo oqimlari haroratni biroz koʻtaradi. Qitʼaning asosiy qismi muz bilan qoplangan Antarktidada yuqori bosimga ega sovuq havo massalari hosil boʻladi. Shuning uchun bu yerning ob-havo iqlimi Shimoliy qutbga qaraganda ogʻirroq.
Hatto yoz oylarida ham Antarktidadagi oʻrtacha harorat muzlash darajasidan past. Ayrim kunlari harorat 4 °C dan yuqori boʻlishi mumkin, biroq yozning oʻrtalarida harorat noldan past boʻladi. Qishda Janubiy qutb mintaqasidagi oʻrtacha harorat 23–35 °C ni tashkil qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.