20.02.2024
Inson va hayvonlar tanasida qon kuchli nasos, yaʼni yurak tufayli harakatlanadi. Shu tarzda tananing har bir hujayrasi hayot uchun zarur boʻlgan barcha moddalarni qabul qiladi. Daraxtning har bir qismi ham ichkaridan ozuqa moddalarining suvdagi eritmasi — oʻsimlik shirasi bilan yuviladi. Biroq hech bir daraxtning yuragi yoʻq. Bu holda shira qanday qilib daraxt boʻylab yuqoriga koʻtariladi? Ilm-fan hali ham bu savolga aniq javob berolmaydi. Bugungi kunda mavjud boʻlgan nazariyalarning hech biri ushbu hodisa uchun toʻliq va aniq izoh bermaydi.
Shuning uchun olimlar shiraning daraxt boʻylab harakatlanishi bir vaqtning oʻzidagi bir nechta kuchlar taʼsiri ostida amalga oshiriladi degan fikrga moyil. Asosan osmotik bosim nazariyasi keng tarqalgan. Gap shundaki, barcha tirik organizmlarda ozuqa moddalar eritmasi hujayralarga yupqa membranalar orqali kiradi. Buning sababi shundaki, membranalarning turli tomonlaridagi erigan moddalarning konsentratsiyasi har xil boʻlgani uchun fizika qonunlariga koʻra u tenglashishga intiladi. Bu hodisa (darhaqiqat, nafaqat yovvoyi tabiatda uchraydi) osmos deb ataladi va bu jarayonning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan, membrananing turli tomonlaridagi moddalar konsentratsiyasining farqi — osmotik bosim.
Shunday qilib, bu konsentratsiya farqi qanchalik katta boʻlsa, membrana orqali suyuqlik miqdori shunchalik koʻp oʻtadi. Oʻsimliklar hayoti uchun zarur boʻlgan suv va mineral tuzlar tuproqda mavjud. Ularning miqdori daraxt ildizlaridagiga qaraganda yuqori boʻlganligi tufayli osmotik bosim tufayli erigan tuzlarga toʻyingan namlik oʻsimlik ichiga kirib boradi. Xuddi shu taʼsir tufayli shira ildiz boʻylab tanaga, soʻngra daraxtning qolgan qismiga koʻtariladi. Eritma bilan oʻtgan mineral tuzlar daraxt hujayralarida ushlanib qoladi, ortiqcha suv esa barglar orqali bugʻlanib ketadi.
Bu borada yana bir gipoteza mavjud. Unga koʻra, shiraning harakati, birinchi navbatda, barglardan suvning bugʻlanishi, ikkinchidan, suvning kogeziyasi tufayli sodir boʻladi. Kogeziya bu — moddaning bir kichik zarrasini boshqasiga yopishishiga olib keladigan kuch. Bu nazariyaga koʻra, barglardan namlik bugʻlanishi natijasida hujayralarda vakuum paydo boʻlib, u qoʻshni hujayralardan suvni tortib ola boshlaydi. Boʻshagan hujayrada ham xuddi shu narsa sodir boʻladi va bu hodisa tuproqdan namlikni (va u bilan birga ozuqa moddalarini) yutadigan ildizlarga yetib borguncha davom etadi. Kogeziyaga kelsak, u suv zarralarini yuqoriga koʻtarilgunga qadar daraxt tanasida bir-biriga bogʻlab turadi va bu oqimning uzluksizligini taʼminlaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.