Yong‘oqlar qayerda o‘sadi?

Biz umumiy yongʻoq nomi bilan ataydigan, qattiq qobiq — poʻchoq bilan oʻralgan mevalarning rangi, oʻlchami, shakli va taʼmiga koʻra turlari juda koʻp. Burishgan magʻzi yorqin rangli, yumaloq va silliq poʻchoqqa oʻralgan yongʻoq koʻpchilikning sevimli ozuqasi boʻlsa kerak. Qadimda Sharq mamlakatlari hukmdorlari ularni yongʻoq oʻsmaydigan yerlarning hukmdorlariga qimmatbaho sovgʻa sifatida yuborgan. Xuddi shunday, qadim zamonlardan beri boshqa yongʻoq — kashtan ham qadrlanib kelgan.

Yoshi besh yuz yildan oshgan kashtan daraxtlari ham uchrab turadi. Koʻpgina mamlakatlarda, ayniqsa, Ispaniyada, ular juda mashhur. Eng mazalilaridan biri va ayni paytda chaqilishi qiyin boʻlgani — Braziliya yongʻogʻi. Bu yongʻoqlar uch qirrali poʻchoqqa ega va mustahkam yumaloq qobiqqa mahkam oʻralgan holda yigirma yoki undan ham koʻprogʻi bir dasta boʻlib oʻsadi. Yongʻoqlar pishganida, butun dasta uzilib, yerga tushadi va ular oʻsadigan daraxtlarning balandligi koʻpincha oʻttiz metrga yetganligi tufayli mahalliy aholi ularni, ayniqsa, shamolli ob-havo sharoitida chetlab oʻtishga harakat qilishi ajablanarli emas.

Keng tarqalganlardan yana biri — bodom. U oʻsadigan daraxtlarning ikki xili mavjud. Oq rangli gul ochadigan turi dori va xushboʻy ekstraktlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan achchiq hosil beradi. Oziq-ovqat uchun yaroqli, shirin bodom pushti rang gulli daraxtlarda oʻsadi. Bodom asosan Oʻrta Osiyo, Yaqin Sharq, Oʻrta dengiz sohillari va Kaliforniyada yetishtiriladi. Shubhasiz, barcha yongʻoqlar orasida eng qimmatlisi — kokos yongʻogʻi.

Kokos yongʻogʻining vatani — Hindistonning sharqiy sohillari va janubdagi dengiz orollari, ammo endi u istisnosiz barcha qitʼalardagi tropik mamlakatlarda bor. Ularning qiymati oqsil va boshqa oziq moddalarning yuqori miqdori bilan bogʻliq. Rossiya kabi moʻtadil iqlimli mamlakatlarda oʻrmon yongʻogʻi yoki funduk keng tarqalgan. Bu yongʻoq ikki—toʻrt donasi bir kichik dasta boʻlib, kosa shaklida oʻralgan barglar orasida oʻsadi. Oʻrmon yongʻogʻi butazorlari koʻpincha oʻrta mintaqadagi oʻrmonlarda uchragani uchun oʻsimlik nomi ham shundan kelib chiqqan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!