Banyan nima?

Banyan gigant daraxtlardan biri hisoblanadi. Ma’lumki, tabiatda katta oʻlchamga ega boʻlgan barcha jonzotlar buning natijasida juda koʻp noqulayliklarga duch keladi va daraxtlar ham bundan istisno emas. Masalan, juda qalin daraxtlar namlik va ozuqa moddalarini ildizdan yuqoriga koʻtarish muammosiga duch keladi. Bundan tashqari, ularning tanasi sinmasligi uchun juda baquvvat, tekis va unchalik baland boʻlmasligi kerak. Bunday daraxt tarvaqaylab ketgan shox-shabba yukiga bardosh bera oladigan, keng asosga ega boʻlishi zarur. Chunki novdalar juda uzayib ogʻirlashsa, tana biror tomonga egilib, natijada daraxt qulashi mumkin.

Banyan — Hindiston va Malayziyada oʻsadigan gigant daraxt bularning barchasini va boshqa ba’zi muammolarni ham juda qiziq tarzda hal qilgan. Bu daraxtning eng g‘ayrioddiy tomoni — shoxlarining qanday o‘sishi. Ko‘p va og‘ir shoxlari, garchi qudratli bo‘lsa-da, baribir ularning vaznini mustaqil ravishda koʻtarolmaydigan tanadan har tomonga tarvaqaylab oʻsadi. Diqqatni tortadigan narsa shuki, shoxlarning o‘zi daraxt tanasi yukining bir qismini oladi. Ularning har birida qalin, yerga tik osilib tushadigan novdalar bo‘lib, banyandan tashqarida, oʻziga xos “havo ildizlari”ni hosil qiladi.

Dastlab qisqa boʻlgan bu novdalar tuproqqa yetib borguncha, har yili uzayib boradi. Yerga mustahkam oʻrnashib olgach, ular nafaqat shoxlarga qo‘shimcha tirgak boʻladi, balki ularni ozuqa moddalari va suv bilan ham ta’minlaydi. Asta-sekin ular daraxtning yangi tanalariga aylanadi va natijada banyan nafaqat yuqoriga, balki eniga ham oʻsa boshlaydi. Oxir-oqibat, asosiy tana atrofida diametri ba’zan 450 metrga yetadigan, halqa shaklidagi “galereya” hosil boʻladi. Qizigʻi shundaki, yogʻingarchilikda ishonchli boshpana boʻla oladigan bu  “galereya”dan mahalliy aholi koʻpincha bozor savdosi, yigʻilish va boshqa ijtimoiy tadbirlarni oʻtkazish uchun qulay joy sifatida foydalanadi.

Bundan tashqari, xodalarga ehtiyoj paydo boʻlganda silliq, ochiq ildizlar juda qoʻl keladi, tolalaridan esa pishiq arqonlar toʻqiladi. Banyanning oʻlchami ulkan boʻlishiga qaramay, uning mevalari yorqin qizil rangdagi, juda mayda rezavorlardir. Odamlar ularni isteʼmol qilmaydi, ammo bu qush va tungi sichqonlar uchun xushxoʻr taomdir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!