20.02.2024
Kokos yongʻogʻi yoki shunchaki kokos palma daraxtida oʻsishini hamma bilsa kerak. Uning tashqi tomoni magʻizni shikastlanishdan himoya qiladigan, qattiq qobiq bilan qoplangan. Kokos pishganida uning katta balandlikdan tushishiga toʻgʻri keladi. Kokos yongʻogʻining diametri 8—20 santimetrgacha yetadi. Qattiq poʻstloq ostida oq rangdagi magʻiz boʻlib, markazdagi boʻshliq esa sersuv va yoqimli taʼmli suyuqlik — kokos suti bilan toʻldirilgan. Kokos yongʻogʻini yaqindan koʻzdan kechirib, uning tashqi qobigʻida uchta “koʻz” borligini koʻrish mumkin. Bu “koʻzlar” rivojlanmagan kurtaklardir. Kokos yongʻogʻi ekilganida, ulardan biri ochilib, vaqt oʻtishi bilan yangi palma daraxtiga aylanadigan novda chiqaradi.
Ammo bu palma hosil berishni boshlashi uchun kamida sakkiz yil oʻtishi kerak. Voyaga yetgan kokos palmasi yil davomida gullaydi va deyarli har doim unda bir nechta pishgan yongʻoq boʻladi. Biroq yongʻoqning pishishi oʻsish joyi va naviga koʻra bir necha oydan bir yilgacha va undan ham koʻproq vaqtni talab qiladigan uzoq jarayondir. Har yili bitta daraxtning oʻrtacha hosili 50 ta yongʻoqni tashkil etadi. Har xil navli kokos palmalarining balandligi 6—20 metrgacha boʻladi. Ularning silliq tanasi novdasiz boʻlib, faqat daraxtning uchida 3—6 metr uzunlikdagi zich, paxmoq barglar dastasi boʻladi. Kokos palmasi kichik balandliklarda (dengiz sathidan 900 metrgacha) oʻsishi mumkin, ammo ular odatda pastroq joylarga ekiladi.
Bu daraxtlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, garchi ularga suv umuman kerak boʻlmasa ham, ular dengiz suvi yaqinida bajonidil yashaydi. Bu uncha chuqur ketmagan palma ildizlarining dengiz sohilidagi moʻl-koʻl sugʻoriladigan tuproqdan namlikni olish qulayligi bilan bogʻliq. Kokos qobigʻi shoʻr suvda zarar koʻrmaydi. Bu dengiz toʻlqinlari ogʻushiga tushgan yongʻoq ochiq dengizga chiqib, uzoq “sayohat”dan keyin, biron qirgʻoqqa tushgandan soʻng birmuncha vaqt oʻtgach, yosh palma daraxti paydo boʻlishini anglatadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.