20.02.2024
Anjir dunyodagi eng ajoyib mevalardan biridir. Inson uni qadimdanoq qadrlashni boshlagan. Bir paytlar u firʼavnlar saroyida nafis tansiq meva sifatida dasturxonga tortilgan, keyinchalik esa och qolgan qullarning deyarli yagona taomiga aylangan. Shunday boʻlsa ham, anjir nafaqat oziq-ovqat, balki sharbatidan spirt, sharob va mato boʻyoqlari olinadigan mahsulot hamdir. Keng va qalin barglari fil suyagini jilolash uchun ishlatiladi, anjir daraxtining qobigʻidan esa pishiq arqon tayyorlanadi. Anjirning navi koʻp, lekin ular orasida eng taniqlisi — oʻzining nafis taʼmi bilan mashhur boʻlgan, birinchi marta Turkiyaning Izmir shahrida oʻstirilgani uchun uning nomi bilan atalgan Izmir anjiridir.
Anjirning yumaloq, etli mevalari ichi zichlab toʻldirilgan, ingichka ogʻizli qopchalarga oʻxshaydi. Qopchalarning ichida meva etidan tashqari gulchang va biz danaklar deb ataydigan urugʻlar bor. Aslida bu urugʻlar emas, balki anjir daraxtining haqiqiy mevalaridir. Umuman olganda, Izmir anjirining koʻpayish jarayoni juda qiziqarli. Gap shundaki, uning gullari faqat kapri anjirining gulchangi bilan urugʻlantirilishi mumkin. Ikkinchisining mevalari koʻp miqdordagi gulchangga ega boʻlsa-da, ularni mevadan olib chiqib, changlanadigan gulga faqat bitta turdagi hasharot — mayda anjir arilari oʻtkazishi mumkin. Bu arilar tuxum qoʻyish vaqti kelgunga qadar kapri anjiri mevalari ichida yashaydi. Shunda ular tanasiga yopishgan gulchang bilan mevani tark etadi, keyin ular Izmir anjiri ichiga kirib, gulchanglarning bir qismini gullarda qoldiradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.