Turli xil ziravorlar qayerdan olinadi?

Tabiatda oʻtsimon oʻsimliklarning xilma-xil turi boʻlgani tufayli ularning katta qismi tibbiyot yoki parfyumeriyada qoʻllanilishi ajablanarli emas. Oʻtlar juda keng qoʻllanadigan yana bir soha bu — pazandalik. Eng oddiy taomga oz miqdorda qoʻshilgan turli xil ziravorlar uni ajoyib taomga aylantirishi mumkinligini hamma biladi. Bundan tashqari, baʼzi ziravorlar shunchalik kuchli, oʻziga xos taʼm va hidga egaki, ularni juda ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak.

Dunyoda ziravorlar soni juda koʻp, shuning uchun faqatgina Yevropada keng tarqalgan baʼzi birlariga eʼtibor qaratamiz.

Rayhon (bazilik) yumshoq, chuchuk ziravor boʻlib, taʼmi biroz qalampirga oʻxshaydi. Odatda salat va achchiq gazaklarga qoʻshiladi.

Mavrak (marmarak) yogʻli taomlar uchun juda mos. U juda kuchli hidga ega va shu sabab uning barglari pishloqqa yanada nafis hid berish uchun oʻraladi.

Boshqa ziravor — toshchoʻpning bir nechta turi maʼlum. Barchasining vatani — Oʻrta dengiz mintaqasidagi mamlakatlar.

Toshchoʻp oʻtkir, oʻziga xos taʼmga ega va uni yangi, quritilgan holda ham ishlatish mumkin.

Qalampirmunchoq shirin yoki achchiq taomlarga qoʻshiladi. Bu xushtaʼm, xushboʻy ziravor Molukka orollarida oʻsadigan qalampirmunchoq daraxtining gullaridir.

Taʼmi va hidi hammaga yaxshi tanish boʻlgan yalpiz oʻz nomini qadimgi yunon nimfa (yunon mifologiyasida tabiat kuchlarining ayol timsolidagi ilohasi) si sharafiga olgan. Afsonada aytilishicha, qandaydir bir maʼbuda rashk taʼsirida oʻzining raqibi boʻlgan goʻzal nimfani mazkur oʻsimlikka aylantirib qoʻygan ekan. Yalpiz ziravorlar sifatida ishlatiladigan boshqa koʻplab oʻtlar — toshchoʻp, rayhon, mavrak, rozmarin (xushboʻy moy olinadigan buta), togʻrayhon singari labguldoshlar oilasiga mansub. Yalpizning 20—25 turi boʻlib, turli xil taomlar tayyorlash va saqichlarga xushboʻylik bagʻishlash uchun koʻpincha bogʻ yalpizi ishlatiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!