Muskat yong‘og‘i nima?

Muskat yongʻogʻi eng ajoyib va taniqli ziravorlardan biridir. Bu oʻzida qattiq magʻiz, danakdan iborat tropik meva. Mevasida muskat yongʻogʻi yashiringan 80 ga yaqin daraxt va buta turi mavjud. Ular asosan Filippin, Molukka orollari va Braziliyada oʻsadi. Ular orasida eng taniqli va amaliy qiymatga ega boʻlganining balandligi 7 metrga yetadigan, doim yashil va chiroyli, xushboʻy muskat daraxtidir. Uning butun tanasi koʻplab shoxlar bilan qoplangan. Ular liliyanikiga oʻxshash muattar hidli, mayda, sariq gullar ochadi.

Ekilganidan 8 yil oʻtgach, daraxt gullab, meva berishni boshlaydi. Gullash va mevalarning pishish jarayoni butun yil davomida uzluksiz davom etadi. Biroq asosiy hosil har toʻrt oyda bir marta yigʻib olinadi. Muskat daraxtining mevalari hajmi va shakliga koʻra nokga oʻxshaydi. Pishganida tillarangga kirib, ikki pallaga ochiladi. Ular qizil, zich etdan iborat boʻlib, ichida yongʻoqqa oʻxshash urugʻ boʻladi. Bu urugʻlar muskat yongʻogʻining ziravor sifatida ishlatiladigan qismidir.

Yongʻoqlar etdan ajratilgandan soʻng qobigʻi yorilib ketgunga qadar maxsus pechlarda quritiladi. Keyin ular pechdan chiqarilib, qobigʻidan osongina tozalanadi va yongʻoq foydalanishga yaroqli boʻladi. Garchi turli xil taomlarga u faqat maydalangan holatda qoʻshilsa-da, uzoq masofaga tashilganda yongʻoqning qimmatli xususiyatlarini kamaytirmaslik uchun ular butun holda saqlanadi. Ovqatga ishlatish uchun yaroqsiz boʻlgan, past sifatli yongʻoqlardan muskat yongʻogʻi yogʻi deb ataladigan ekstrakt olinadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!