20.02.2024
Yorug‘lik biz yashayotgan olamdagi eng katta sirlardan biridir. Yuz yillar davomida olimlar uni maxsus o‘rgangan. Biroq haligacha uning nima ekanini aniq bilishmaydi. Muvaffaqiyatli bo‘lgan yagona narsa yorug‘likni uning xatti-harakati nuqtayi nazaridan tasvirlashdir. Biz yorug‘lik energiya mavjudligining bir shakli ekanini bilamiz. Yorug‘likning issiqlik, radioto‘lqin, rentgen nurlari kabi energiyaning boshqa shakllari singari tezligi, chastotasi va to‘lqin uzunligini o‘lchash mumkin. Boshqa ko‘pchilik jihatlardan, u o‘zini xuddi shu energiya shakllari kabi tutadi. Biz yorug‘lik tezligini, u sekundiga taxminan 300 000 kilometrni tashkil qilishini bilamiz.
Shunday qilib, yorug‘lik nurlari (vakuumda) yil davomida taxminan 9 461 000 000 000 kilometr masofani bosib o‘tadi. Astronomlar bu masofani yorug‘lik yili deb ataydi va bu koinotning cheksiz kengligini o‘lchash uchun asosiy o‘lchov birligidir. Yorug‘lik nima ekanligi va u qanday mavjudligini izohlashga urinadigan ko‘plab nazariyalar yaratilgan. XVII asrda taniqli ingliz olimi Isaak Nyuton yorug‘lik avtomatdan uchib chiqayotgan o‘qlar kabi yorug‘lik manbasidan tarqalayotgan kichik zarralar — korpuskulalardan iborat degan taxminni ilgari surgan. Biroq uning korpuskulyar nazariyasi yorug‘lik xatti-harakatlarining ayrim xususiyatlarini izohlay olmagan. Taxminan o‘sha vaqtlarda yana bir olim — Xristian Gyuygens yorug‘likning to‘lqin nazariyasini ishlab chiqqan. Uning g‘oyasiga ko‘ra, yorug‘lik chiqaruvchi va aks ettiruvchi jism o‘z atrofida hovuzga tashlangan toshning atrofida hosil bo‘lgani kabi to‘lqin yoki tebranishlar yaratadi. Ikki nazariya tarafdorlari o‘rtasidagi tortishuvlar ikki asr davomida to‘xtamagan.
Yorug‘likning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari maʼlum bo‘la boshlagach, yorug‘likning korpuskulyar tabiati g‘oyasi o‘lishni boshlagandek tuyuldi. Biroq ilm-fanning rivojlanishi davom etdi va oxir-oqibat olimlar yorug‘likning tabiatini faqat ikkita nazariyaning birlashishi bilan izohlash mumkin degan xulosaga keldi. Tajribaviy tadqiqotlar ularning har biri to‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Fanga to‘lqin-zarracha tushunchasini kiritgan fransuz fizigi Lui de Broyl birlashgan nazariya rivojlanishini boshlab bergan. Shunday qilib, yorug‘lik nima degan savolga aniq javob yo‘q.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.