Elementlar nima?
Element nima?
2 min
Bu nima?

Barcha materiyalar elementlardan iborat. Elementlar — faqat bitta turdagi atomlardan tashkil topgan moddalar. Ko‘pgina elementlar baʼzan hatto juda muhim o‘xshashlikka ega, ammo ular orasida ikkita mutlaqo bir xili mavjud emas. Masalan, vodorod va geliyning ikkalasi ham rangsiz, hidsiz, taʼmsiz gazdir. Biroq vodorod geliydan yengilroq. U kislorod ishtirokida yonadi, geliy esa yo‘q.

Elementlar bir-biridan atom og‘irligi bilan farq qiladi. Ularning ayrimlari odatdagi sharoitda qattiq moddadir, boshqalari suyuqlik, yana birlari — gaz. Isitish yoki sovutish paytida ularning aksariyati (deyarli barchasi) bir holatdan ikkinchisiga o‘tishi mumkin. Baʼzi elementlar suvda eriydi. Elementlarning bu va boshqa ko‘plab xususiyatlari ularning fizik xossalari deb ataladi. Elementlar bir-biri bilan o‘zaro taʼsirlashib (ayrim istisnolardan tashqari), turli xil moddalarni hosil qilishi mumkin. Bunday o‘zaro taʼsirlar kimyoviy reaksiyalar deb ataladi. Elementning u yoki bu reaksiyaga kirish layoqati uning kimyoviy xossalari bilan belgilanadi.

Barcha elementlar fizik va kimyoviy xossalariga ko‘ra bir nechta guruhlarga bo‘lingan. Bu guruhlar o‘xshash xossalarga ega elementlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu guruhlar birgalikda D. I. Mendeleyevning elementlar davriy jadvalini tashkil qiladi. U ushbu jadvalni yaratish g‘oyasini bergan rus kimyogari Dmitriy Ivanovich Mendeleyev sharafiga shunday nomlangan. Elementlarning D. I. Mendeleyev jadvalidagi joylashish tartibi ularning atom raqami bilan belgilanadi. Elementning tartib raqami ushbu element atomi yadrosidagi protonlar — musbat zaryadlangan zarralar soniga bog‘liq. Vodorod atomida faqat bitta proton bo‘lgani uchun u davriy jadvalda birinchi o‘rinni egallagan. Eynshteyniy (Eynshteyn) kabi baʼzi elementlar buyuk olimlar, boshqalari esa dunyodagi mamlakat yoki muayyan hududlar — germaniy (Germaniya), ruteniy (Rossiya), kaliforniy (Kaliforniya), skandiy (Skandinaviya) sharafiga ular nomi bilan atalgan. Yana birilarining nomi esa ularning o‘zgacha xususiyatlari tufayli berilgan: masalan, indiy (yorqin ko‘k — indigo rangi tufayli). Mis, temir, qo‘rg‘oshin, kumush, oltin, alyuminiy, oltingugurt, simob, yod kabi ko‘p elementlar hammamizga yaxshi tanish.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!