20.02.2024
Dunyoning ko‘p joyida odamlar asrlar davomida bilqillama qumloqdan qo‘rqib yashagan. Ularning qurbonni yer yuzida izini qoldirmay yutib yuborish qobiliyati vahimaga solgan. Aslida bilqillama qumloq bunday kuchga ega emas. Agar uning nima ekani va odam unda o‘zini qanday tutish kerakligini bilsa, qumloq hech qanday zarar yetkazmaydi. Bilqillama qumloq yoki boshqacha aytganda, suyuq qum nima? Bu tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan, och rangdagi bo‘sh qum. Tashqi ko‘rinishidan u yonidagi oddiy qumdan farq qilmaydi.
Biroq suyuq qum og‘ir narsalarga tayanch bo‘lolmaydi. Odatda suyuq qum katta daryolarning quyilish joyi yaqinida va qiyalama qirg‘oqlarda paydo bo‘ladi. Uning ostida namlikni yerga o‘tkazmaydigan yopishqoq, zich loy qatlami bo‘ladi. Shuning uchun yomg‘ir va daryo suvi unda to‘planadi. Notekis yoki uchqur shaklga ega bo‘lgan, oddiy qum zarralaridan farqli o‘laroq, suyuq qum zarralari mayda dumaloq to‘pchalar shaklidadir. Ularning ostida to‘plangan suv qumni suyultiradi va qum zarralari unda suzib yuradi. Shuning uchun ham ular sathida og‘ir narsalarni ushlab turishga qodir emas.
Bilqillama qumloq doim ham qumli bo‘lavermaydi. Unda har qanday bo‘shashgan tuproq, qum, loy yoki mayda shag‘al aralashmasi ham bo‘lishi mumkin. Suyuq qumga tushgan odam umuman g‘arq bo‘lmaydi, unda namlik ko‘p bo‘lgani tufayli bunday qumda suzish mumkin. Bundan tashqari, bilqillama qum suvdan zichroq bo‘lgani uchun uning sathida qolish osonroq. Biroq shuni yodda tutish kerakki, suyuq qumga tushganda sekin harakat qilish lozim. Bu qumga suvda suzayotganingiz kabi tanangiz atrofidan oqib o‘tishiga imkon beradi. Shunda hayotingizdan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.