Radioaktiv cho‘kma nima?
Radioaktiv atomlar haqida.
2 min
Bu nima?

Yadroviy qurol sinovi yoki atom elektr stansiyasidagi avariya oqibatida ro‘y bergan yadro portlashi natijasida havoga ko‘tarilgan va keyin yerga cho‘kkan chang radioaktiv cho‘kma deb ataladi. Bu chang radioaktiv bo‘lganligi uchun atrofdagi hamma narsani zaharlaydi. Bu uning ayrim turdagi, o‘z-o‘zidan parchalanadigan atomlarga ega ekanini anglatadi. Ushbu atomlarning har biri parchalanganda oz miqdorda energiya va materiya ajralib chiqadi. Bu hodisa radiatsiya deb ataladi.

Yadro portlashi vaqtida kuchli portlash to‘lqini paydo bo‘lib, katta miqdordagi issiqlik ajralib chiqadi va ko‘plab radioaktiv atomlar paydo bo‘ladi. Bu atomlar portlash kuchi bilan havoga ko‘tarilgan tuproq zarralari bilan aralashib, ko‘p tonnali radioaktiv chang bulutini hosil qiladi. Biroz vaqt o‘tgach, bu chang radioaktiv cho‘kma shaklida yerga cho‘kadi. Bu bulutning eng og‘ir zarralari portlashdan keyingi dastlabki daqiqa yoki soatlarda yerga tushadi. Biroq yengillari atmosferada uzoq vaqt ushlanib qoladi. Shamol ularni yer shari atrofida oylar va hatto yillar davomida olib yurishi mumkin. Oxir-oqibat, ular qor, yomg‘ir yoki tuman bilan birga yer yuzasiga qaytadi.

Inson terisiga tushgan radioaktiv cho‘kma suv bilan yuvib tashlanadi. Ammo radioaktiv chang zarralari tanaga ichiga tushsa, u yerda ko‘p yillar davomida qolib ketishi mumkin. Ular tanaga havo, suv va oziq-ovqat bilan birga kiradi. Aytgancha, oxirgisi eng keng tarqalgan. Radioaktiv chang barg va mevalarga o‘rnashadi, tuproqni zaharlaydi va radioaktiv atomlar ildizlar orqali o‘simliklar ichiga o‘tadi. Agar bu o‘simliklar odamlar tomonidan isteʼmol qilinmasa ham, ularni hayvonlar yeyishi mumkin, ularning go‘shti esa o‘z navbatida odam yoki boshqa hayvonlar tomonidan isteʼmol qilinadi. Tanaga kirgan radioaktiv atomlar tirik hujayralarni nobud qiladigan yoki ularning har xil kasalliklarga qarshi himoyasini susaytiradigan radiatsiya chiqaradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!