Gips nima?
Gips tarkibi qanday?
2 min
Bu nima?

Gipsdan foydalanish shu qadar tez sur’atlarda o‘sib bormoqdaki, so‘nggi yillarda dunyoda uning ishlab chiqarilishi ikki baravar ko‘paydi. U olov va suvga mukammal chidamliligi, shuningdek, issiq va sovuq yomon o‘tkazganligi tufayli devor qoplamasi sifatida qurilishda ko‘p miqdorda ishlatiladi. Aytgancha, gipsdan yasalgan blok va g‘ishtlarni yog‘och taxtalar kabi kesish, mixlash mumkin. Biroz sement va boshqa ayrim tarkibiy qismlar bilan tayyorlangan gips aralashmasi suvoq deb ataladigan yengil qurilish materialini hosil qiladi. U zamonaviy binolarni qurishda keng qo‘llanadi. Gips o‘zi nima? Gips bu — suv bilan aralashtirilgan kalsiy sulfat minerali.

Gipsning selenit deb ataladigan yarim shaffof hamda alebastr nomi bilan tanilgan, o‘zgacha jiloga ega boshqa turi ham mavjud. Gips yerostidagi turli chuqurliklarda joylashgan, qalin qatlamlardan olinadi: ularning ayrimlari yuzaga yaqin, boshqalari ancha chuqurroq joylashgan. AQShning Texas shtatida yuzlab kvadrat kilometr maydonni egallagan va qalinligi 100 metrdan ortiq gips qatlamlari topilgan. Gips qadimgi Misr davridan beri qurilish materiali sifatida devor va shiftlarni suvash uchun ishlatiladi.

Yakka o‘zi yoki qum va ohak bilan aralashtirilgan gipsdan ganchkorlik bezaklari, qoplama plitkalar yoki pardoz suvog‘i tayyorlanadi. Undan g‘isht yoki devorlar uchun hatto butun bloklarni yasash mumkin. Gipsdan film va spektakllar uchun bezak, dekoratsiyalar yaratiladi. Undan o‘z ishlarida haykaltarosh, jarroh va stomatologlar ham foydalanadi. Gips arzon xomashyo bo‘lib, uning zaxiralari dunyoning deyarli hamma joyida topilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!