Chang nima?

Chang havoda muallaq holatda bo‘lgan, mayda, qattiq zarrachalardan hosil bo‘ladi. Odatda chang shamol bilan yerdan ko‘tarilib, tortishish kuchi ta’siri ostida yoki yomg‘ir, qor bilan yana yer yuziga tushguncha, havo oqimi taʼsirida havoda aylanib yuradi. Chang manbalari turli xil bo‘lishi mumkin. U tuproqning nurashi natijasida va vulqon otilishida kraterlardan chiqadi, avtomobil hamda boshqa transport vositalarining chiqindi gazlarida, hatto okean to‘lqinlarida ham bo‘ladi. Balki sanab o‘tilgan manbalarning oxirgisi — okean shubhali bo‘lib tuyulishi mumkin. Darhaqiqat, qanday qilib okean suvi chang manbasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin?

Biroq har yili okeandan yer atmosferasiga 2 000 000 000 tonna turli tuz tushishini bilasizmi? Suv bug‘lanib, bug‘ga aylanadi. Okean tuzi tarkibidagi kimyoviy elementlar esa havoda qoladi. Har biringiz chang bo‘roni iborasini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu qurg‘oqchilik tufayli tabiiy o‘simliklar nobud bo‘lgan joylarda sodir bo‘ladi. Bunday bo‘ron paytida minglab tonna chang havoga ko‘tarilib, 3000 km yoki undan ham ko‘proq masofaga ko‘chiriladi.

Masalan, 1933-yilda AQShning janubi-g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan chang bo‘roni paytida Yangi Angliyada (AQShning shimoli-sharqiy qismida) har bir kvadrat kilometrga taxminan 10 tonna chang tushgan. Afrikaning buyuk Sahroi Kabir cho‘lidagi bo‘ron natijasida ko‘tarilgan chang London va Yevropaning boshqa shaharlariga yetib kelgan. Umuman olganda, atmosferada doimo katta miqdordagi chang mavjud. Qo‘shma Shtatlar hududiga har yili taxminan 43 000 000 tonna chang tushadi va ularning taxminan 13 000 000 tonnasi inson faoliyati bilan bog‘liq.

Havoning chang bilan ifloslanishi yirik shaharlar ustidagi iflos bulutlar — smog (yirik sanoat shaharlarida tutun, qurum, kul zarralari, chang, yonilg‘i bug‘i kabilar aralashmasidan iborat, zaharlangan havo)sabablaridan biri. Hozirgi kunda barcha rivojlangan mamlakatlarda ushbu inson salomatligi va atrofdagi tabiatga zarar yetkazadigan yovuzlikka qarshi kurashish uchun maxsus tizimlar mavjud.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!