20.02.2024
Uglerod har qanday tirik mavjudot uchun juda muhim bo‘lgan kimyoviy elementdir. Yerda mavjud bo‘lgan barcha materiyalarda u bir foizdan kamroqni tashkil qilsa ham, tirik yoki jonsiz bo‘lgan har qanday organizmda mavjud. Har qanday tirik mavjudotning tanasi uglerodni o‘z ichiga olgan moddalardan tashkil topgan va uning biror joyda, hatto oz miqdorda bo‘lishi ham o‘sha joyda bir vaqtlar hayot bo‘lganligidan dalolat berishi mumkin. O‘simliklar uglerodni atmosferadagi karbonat angidriddan oladi va uni ildiz, poya, bargi uchun qurilish materiali sifatida ishlatadi. Hayvonlar esa uni bu o‘simliklarni iste’mol qilish orqali oladi. Ikkalasi ham nafas olayotganda uglerodni havoga bir xil — karbonat angidrid shaklida chiqaradi, tuproqda esa o‘lgan jonzotlarning tanasi parchalanishi natijasida to‘planadi.
Barcha shakllardagi sof uglerodning eng taniqlisi va odamlar uchun eng qimmatlisi ko‘mir bo‘lsa kerak. Uning taxminan 4/5 qismi ugleroddan iborat bo‘lib, qolgani vodorod va boshqa elementlardan iborat. Ko‘mirning ahamiyati uglerodning kimyoviy xususiyatlaridan kelib chiqadi, asosiysi u kislorod bilan bajonidil o‘zaro ta’sir qiladi. Bu jarayon ko‘mir havoda yoqilganda sodir bo‘ladi va turli maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan, katta miqdordagi issiqlik energiyasi ajralib chiqadi.
Jonsiz tabiatdagi uglerodni nafaqat ko‘mir shaklida, balki uni sof holdagi bir-biridan keskin farq qiladigan yana ikkita shakli — grafit va olmosda ham topish mumkin. Grafit ushlab ko‘rilganda juda yumshoq va moyli bo‘ladi. U ko‘plab mexanizmlar uchun ajoyib moylash materiali bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, undan qalam grifellari tayyorlanishini bilsangiz kerak. Buning uchun grafit yumshoqligini kamaytirish maqsadida u loy bilan aralashtiriladi. Olmos esa aksincha odamga ma’lum bo‘lgan, eng qattiq moddadir. U zargarlik buyumlari va mustahkam kesish asboblarini yasash uchun ishlatiladi.
Uglerod atomlari o‘zaro va boshqa element atomlari bilan bog‘lanishi mumkin. Natijada juda ko‘p, turli xil uglerod birikmalari hosil bo‘ladi. Eng oddiylaridan biri, avvalroq aytib o‘tilgan karbonat angidrid bo‘lib, u uglerodni kislorod yoki havoda yoqish natijasida hosil bo‘ladi. Odam va hayvonlar uchun zaharli bo‘lgan uglerod oksidi yoki karbonat angidrid kislorod tanqisligi mavjud atmosferada uglerod yonishi oqibatida hosil bo‘ladi. Uglerod boshqa element yoki moddalar bilan katta qiyinchilikda reaksiyaga kirishadi. Odatda bu yetarlicha yuqori haroratda sodir bo‘ladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.