20.02.2024
Barcha tirik mavjudotlar azotga muhtoj, chunki u o‘simlik, odam va hayvonlar tanasi uchun muhim ahamiyatga ega. Azot inson tanasi uchun qurilish materiali bo‘lgan oqsillarning bir qismidir. Bu moddalarsiz hech nima o‘smaydi, yaralar tuzalmaydi va nobud bo‘lgan to‘qimalar o‘rniga yangilari paydo bo‘lmaydi. Biz nafas olayotgan havoning 78 foizi azotdan iborat bo‘lib, Yer yuzasining har kvadrat kilometriga taxminan 12 500 000 tonna azot bor. Azot rangsiz, ta’msiz va hidsiz gazdir. U suvda juda oz eriydi. Juda past harorat yoki yuqori bosim ostida u suyuqlikka aylanadi. Oddiy atmosfera bosimi sharoitida azot -210 °C haroratda suyuq holatga o‘tadi. Havoda bunday miqdordagi azotning mavjudligi tufayli tirik mavjudotlar uni olishda muammolarga duch kelmasligi kerakdek tuyuladi.
Aslida tabiatda faqat dukkaklilar oilasiga mansub o‘simliklargina havodan azotni o‘zlashtira oladi. Boshqa barcha tirik organizmlar, shu jumladan, odamlar ham sof azotni o‘zlashtira olmaydi. Kerakli azotni olish uchun odamlar ba’zi o‘simlik turlari yoki o‘txo‘r hayvonlardan tayyorlangan oqsilli ovqatlarni iste’mol qiladi. Nafas olayotganimizda havodagi azotni yutamiz. Ammo kisloroddan farqli o‘laroq, azot o‘pkamiz tomonidan umuman so‘rilmaydi va biz uni yana qayta chiqaramiz.
Biroq atmosferada azotning mavjudligi biz juda ko‘p kislorodni yutmasligimizga yordam beradi. Ortiqcha kislorod ham xuddi uning yetishmasligi kabi xavflidir. Boshqa tirik mavjudotlarga kelsak, ular ham azotni boshqa elementlar bilan birikmalar shaklida oladi: o‘simliklar — tuproqdan, hayvonlar — o‘simlik yoki boshqa hayvonlardan. Azot boshqa elementlar bilan o‘zaro juda qiyin ta’sirlashadi. Masalan, tabiatdagi kislorod bilan u faqat momaqaldiroq paytida, juda yuqori haroratni keltirib chiqaradigan chaqmoq chaqishi vaqtida reaksiyaga kirishadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.