Uran nima?
Uran haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Uran milliard yil davomida yerda mavjud bo‘lgan, ammo ko‘pchilik odamlar bu haqida faqat yadro quroli va atom elektr stansiyalari yaratilgandan keyin bilgan. Uran eng og‘ir kimyoviy elementlardan biridir. U metall va uning yer qobig‘idagi miqdori uzoq vaqtdan beri ma’lum bo‘lgan simob va kumush kabi elementlardan ko‘pdir. Uran rudasi konlari dunyoning ko‘plab mintaqalaridan topilgan. Uning konlari ayniqsa Rossiya, Kanada, AQSh, Zoir va boshqa ayrim mamlakatlarda ko‘pdir. Sof metall uran kumush kabi yaltiraydi. Ammo u ochiq havoda bir necha daqiqa ushlab turilsa, metall bo‘lagining yuzasi xiralashib, jigarrang tusga kiradi. Yuzasida uran oksidi qobig‘i — uranning kislorod bilan birikmasi hosil bo‘ladi va bu jarayon oksidlanish deb ataladi. Metall yuzasida hosil bo‘lgan qobiq kislorodning namuna ichiga kirishiga va oksidlanish jarayonining yanada rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Uranning boshqa aksariyat elementlardan farqi shundaki, u tabiiy radioaktivlikka ega. Bu uran atomlari o‘z-o‘zidan, asta-sekin o‘zgarib, ko‘zga ko‘rinmaydigan nurlarning ayrim turlarini chiqarishini anglatadi. Bu alfa, beta va gamma nurlari deb ataladigan, uch xil turdagi nurlardir. Uran atomlari bilan sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar jarayonida ular boshqa radioaktiv elementga aylanadi. Xuddi shu narsa navbatdagi yangi element bilan ham sodir bo‘ladi va nurlanishning yangi qismi chiqariladi. Bu radioaktiv bo‘lmagan, yangi element hosil bo‘lgunga qadar davom etadi. Bu o‘zgarishlar zanjirida 14 ta bosqich mavjud. Ularning birida bizga yaxshi tanish radiy elementi, oxirgisida esa qo‘rg‘oshin hosil bo‘ladi.

Qo‘rg‘oshin radioaktiv bo‘lmagan element bo‘lgani uchun o‘zgarishlar zanjiri unga kelib tugaydi. Uran qo‘rg‘oshinga aylanishining to‘liq jarayoni milliard yil davom etadi va uning bir nechta izotoplari bor. Izotop bu — bitta elementning har xil atom og‘irliklariga ega bo‘lgan, turli atomlari bo‘lib, ularning og‘irligi element nomidan keyin raqamlar bilan ko‘rsatiladi. Atom bombalari uchun material va atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i sifatida Uran-235 ishlatiladi. Xuddi shu maqsadlarda ishlatiladigan boshqa element — plutoniy tabiatda mavjud emas va u maxsus qurilmalar yordamida urandan olinadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!