20.02.2024
Yer yuzidagi barcha materiallar baquvvat granit plitalar ustida yotishini bilasizmi? Granit bu — Yer qobig‘ining tashqi qismini tashkil etuvchi, asosiy materiallardan biri bo‘lgan, qattiq tog‘ jinsi. “Granit” nomi tarjimada “don” degan ma’noni anglatuvchi “granum” so‘zidan kelib chiqqan. Biroq so‘z bug‘doy yoki javdar doni haqida emas. Donalar deb granit tarkibiy qismlari bo‘lgan kvars, slyuda, dala shpati, shoxtosh va boshqa minerallarning kristallari ataladi. Granitning rangi har xil bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha u kulrang yoki pushti rangga ega, lekin uning tarkibidagi aralashmalar granit rangini o‘zgartirishi mumkin.
Granit vulqon tog‘ jinsidir. Odatda, u yer qa’rida erigan magma soviganida hosil bo‘ladi. Magma bu — xamirga o‘xshash ko‘rinishdagi turli xil minerallar aralashmasi. Granit tog‘li hududlarda shakllanadi. Yer yuzasidagi toshlar ulkan ko‘rpa singari magmaning juda tez sovishining oldini oladi. Granit faqatgina tashqi qoplamalar nuraganda, ya’ni suv, shamol, muz ta’sirida parchalanganda yoki Yer qobig‘idagi harakatlar natijasida granit bloklari yuzaga surib chiqarilganda paydo bo‘ladi. Bundan so‘ng granitning o‘zi nurashga uchraydi. Birinchi bo‘lib loy va tuz aralashmasiga aylanadigan dala shpati kristallari parchalanadi. Faqat kvars tabiat kuchlarining ta’siriga qarshi tura oladi.
Vaqt o‘tishi bilan ulkan granit qoyalardan faqat parcha va tirik organizmlar qoldig‘i bilan birga tuproq hosil qiladigan, mineral chang qoladi. Granit eng mustahkam qurilish materiallaridan biridir. U katta binolar fasadi va yodgorliklarni barpo etishda, shuningdek, qabr toshlarini yasashda ishlatiladi. Qadimgi misrliklar undan ibodatxona va mashhur piramidalarni qurishda foydalangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.