Platina nima?
Platina haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Platina — noyob xossalarga ega bo’lgan metall. Uning nomi ispancha “plata” so’zidan kelib chiqqan. Kulrang-oqish rangi tufayli unga “kichik kumush” degan ma’noni anglatuvchi nom berilgan. Platina deyarli oltin kabi egiluvchandir. Uning og’irligi 30 gr bo’lgan bo’lagidan Yevropaning yarmi bo’ylab, Germaniyaning Kyoln shahridan Moskvagacha cho’ziluvchi ingichka sim tortish mumkin. Platina qo’rg’oshindan ikki baravar og’irroq va tomonlari 30 sm bo’lgan kubning og’irligi 500 kg dan oshadi. Tabiatda platina rudalarda boshqa noyob metallar — ruteniy, palladiy, rodiy, iridiy va osmiy bilan birga topiladi. Bu elementlar platina metallari deb ataladi. Ba’zan u oltin, kumush, mis, temir, xrom va nikel bilan birga uchraydi. U kichik donacha, zarra yoki yombi shaklida topiladi.

Katta platina konlari birinchi marta XVIII asrda Janubiy Amerikada topilgan. Uzoq vaqt davomida bu metall unchalik ishlatilmagani uchun past baholangan. Biroq keyinchalik odamlar uning noyob xususiyatlaridan foydalanishni o’rgangach, uning narxi keskin ko’tarila boshlagan. Bundan tashqari, yer qobig’idagi platina miqdori shunchalik kamki, kubning jahon bozoridagi narxi ikki million dollardan oshadi.

Platinaning oksidlovchi moddalar (masalan, kislorod), kislota va issiqlikka chidamliligi alohida ahamiyatga ega. Platina 1843 °C harorat hamda faqatgina azot va xlorid kislotalar aralashmasida eriydi. U asosan platina metallari, kumush, oltin, mis, nikel yoki qalay bilan qotishmalar shaklida ishlatiladi. Platina qo’llanadigan asosiy soha zargarlik sanoati hisoblanadi. Ammo undan elektr zanjirlarida kontaktlar, analitik tarozi, ilmiy laboratoriyalarning boshqa uskunalari, haroratni aniq o’lchash asboblari kabilarni ishlab chiqarishda ham foydalaniladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!