20.02.2024
Alyuminiy — temirdan taxminan uch baravar yengilroq bo‘lgan, kumushsimon-oq rangdagi yaltiroq metall. Undan sochdan ham ingichka bo‘lgan simni tortish va chizma qog‘ozi qalinligidagi plastinalarni tayyorlash mumkin. U yerda eng keng tarqalgan metall ekani haqidagi fakt sizni biroz hayratda qoldirsa kerak. Bu modda butun Yer qobig‘i massasining taxminan 8 foizini tashkil qiladi.
Biroq tabiatda alyuminiy hech qachon sof shaklda uchramaydi. Boshqa element va moddalar bilan osongina o‘zaro ta’sirlashib, u tuproq va jinslarni tashkil etuvchi birikmalar hosil qiladi. Sapfir hamda yoqut kabi ko‘plab chiroyli toshlar alyuminiy birikmalaridir. Alyuminiyni boshqa moddalardan ajratib olish muammosini hal qilish uzoq vaqt davomida juda qiyin bo‘lgani tufayli uning narxi qimmat bo‘lgan.
1886-yilda kimyogar olim Charlz Martin Xoll alyuminiyni ko‘p miqdorda olishning arzon usulini topgan. U alyuminiy va natriyning ftor bilan birikmasi bo‘lmish kriolit eritmasida oz miqdordagi alyuminiy oksidini eritgan. Keyin u aralashmani granit idishga solib, u orqali o‘zgarmas elektr tokini o‘tkazgan. Bir necha soat o‘tgach, u idish tubida sof alyuminiydan iborat, kichik yaltiroq “tugmalar” ni topgan. Bu usul hali ham dunyoda ishlab chiqariladigan deyarli barcha metall alyuminiyni olish asosida yotadi. Kriolit faqat Grenlandiyada topilgan, ammo uni sun’iy ravishda olish ham mumkin. Alyuminiy ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo — boksit tarkibiga kiruvchi alyuminiy oksidi hisoblanadi. Boksit konlari dunyoning ko‘plab mintaqalarida mavjud.
Alyuminiy oshxona anjomlarini tayyorlash uchun deyarli mukammal materialdir, chunki u issiqlikni yaxshi o‘tkazadi va oson tozalanadi. U asosan samolyotsozlik va mashina dvigatellarini ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.