Talk nima?
Talk konlari haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Talk insonga ma’lum bo‘lgan, eng yumshoq mineraldir. U shunchalik yumshoqki, uni butun bo‘lakdan tirnoq bilan osongina qirib olish mumkin. Bu mineralning kumushsimon-oqish yoki och yashil rangdagi mayda parchalari, tangachalaridir. Qattiq shaklda talk sovuntosh nomi bilan tanilgan. Bu holatda u ko‘pincha jigarrang dog‘lar bilan qoplangan, kulrang yoki yashil rangdagi, juda yumshoq va yog‘li mineraldir. Eng yaxshi talk Italiyaning Pyemontda qazib olinadi.

Biroq talk konlari ko‘plab mamlakatlarda, shu jumladan, Angliya, Kanada, Germaniya, Rossiya va Zimbabveda mavjud. Uning dunyodagi eng katta zaxiralari Qo‘shma Shtatlarning Atlantika sohillarida joylashgan. Sovun toshining issiqlikni saqlash xususiyatlari tufayli ilgari undan ko‘pincha oshxona anjomlari yasalgan va shu sababli “tuvaktosh” nomini olgan. Bundan tashqari, u quvur va rakovinalar uchun xomashyo sifatida ham ishlatilgan. Sovuntosh kislotalarda yomon erigani tufayli o‘yuvchi suyuqliklarni saqlash uchun laboratoriyalarda ishlatiluvchi idishlarning devorlari va tubi undan yasalgan plastinalar bilan qoplanadi. U elektr tokini yomon o‘tkazadi, shuning uchun ham taqsimlovchi shchit va boshqa shunga o‘xshash obyektlarda izolyatsion material sifatida ishlatiladi. U qizdirilganda qotadi va shu xususiyati turli yuzalarni qoplash uchun ishlatiladi.

Qadimgi misrliklar talkdan sehrli tumorlar yo‘nib, ularni turli ranglar bilan qoplagan. Dunyoda ishlab chiqariladigan jami talkning to‘rtdan uch qismi kosmetika, sirlangan plitka va boshqa keramika buyumlari, qog‘oz, rezina hamda tomga yopiladigan materiallarni ishlab chiqarishga sarflanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!