Antarktidada hayot bormi?

Janubiy qutbga tutash bo‘lgan bepoyon mintaqa Antarktika deb ataladi. U kattaligi bo‘yicha qit’alar orasida beshinchi, hududi Yevropa va Qo‘shma Shtatlarning umumiy maydonidan biroz kichik bo‘lgan Antarktidani o‘z ichiga oladi. Bu qit’a Yer yuzining eng sovuq va eng “g‘amgin” qismidir. U har tomondan sayyoradagi eng sovuq dengizlar bilan o‘ralgan. Unda doimo kuchli, qattiq shamollar va qor bo‘ronlari hukm suradi hamda butun hududi abadiy qor va muz bilan qoplangan. U yer shunchalik sovuqki, butun materik bamisoli ulkan jonsiz cho‘ldir.

Antarktidaning muz qatlamlari ostida nima bor? Buni aytish qiyin, chunki u hali unchalik o‘rganilmagan. Tadqiqotchilar ko‘mir hamda qimmatbaho mineral va metallarning kichik konlarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq ularni qazib olish juda qiyin va qimmat bo‘lgani tufayli haligacha daxlsiz bo‘lib turibdi. O‘simliklardan faqat hech qanday ozuqaviy ahamiyatga ega bo‘lmagan mox, lishaynik, sodda zamburug‘ va suv o‘tlarining eng ibtidoiy shakllari mavjud. Shuning uchun u yerda faqat dengizdan oziqlana oladigan hayvon va qushlar yashaydi.

Qushlar orasida pomornik (yirtqich chaykaning bir turi), qutb chaykasi va pingvinlarning bir nechta turini tilga olish mumkin. Pingvinlar qit’aning qirg‘oqlarida yashab, tuxum qo‘yadi. Qanotlari yaxshi rivojlanmagani sababli pingvinlar ucha olmaydi, lekin juda yaxshi suzadi. Antarktida suvida tyulen va kitlar yashaydi. Kit ovi Antarktika mintaqalarida rivojlangan sanoatning yagona turi hisoblanadi. Bir vaqtlar vaziyat shu darajaga yetganki, ularning butunlay qirib tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kit ovini nazoratga olish maqsadida xalqaro shartnomalar tuzilishi talab qilingan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!