20.02.2024
Arxeologiya bu — bizni o‘tmishda yashagan odamlarning hayoti bilan tanishtiradigan fan. U sayyoramizning qadimgi ikki oyoqli aholisidan qolgan barcha narsalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Arxeologlarning ishi ikki tarkibiy qismdan iborat. Ularning har biri bilan shug‘ullanish uchun maxsus tayyorgarlik talab etiladi.
Birinchi qism — qadimiy aholi manzilgohlarida olib boriladigan qazish ishlari. Qazib olinganda ko‘pincha juda mo‘rt bo‘ladigan narsalarga zarar yetkazmaslik uchun bu ish sekin va juda ehtiyotkorlik bilan bajarilishi kerak. Qazish ishlari to‘g‘risidagi qaydlar maxsus kundalikka kiritiladi.
Ikkinchi bosqich — topilgan narsalarni sinchkovlik bilan o‘rganish va tarixga qiziqqan har bir kishi foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarning batafsil tavsifini tuzish. Bu ish tugaganidan so‘ng arxeolog xulosalar chiqaradi. Ushbu xulosalar hech qachon to‘liq bo‘lmaydi, chunki ular saqlanib qolgan narsalarni o‘rganishga asoslangan. Asosan, bu bir vaqtlar odamlarni kundalik hayotida o‘rab turgan narsalardir. Topilmalarning aksariyati qadimiy uylar xarobasi, asbob, zargarlik, oshxona anjomi va bolalar o‘yinchoqlaridir.
Ko‘pincha arxeologlar go‘shti odamlar uchun oziq-ovqat bo‘lib xizmat qilgan hayvon suyaklarini topadi. Biroq tadqiqotchilar teri, mato, yung, yog‘och yoki somondan tayyorlangan, umri qisqa buyumlarni kamdan kam hollarda topa oladi. Xuddi shu sababga ko‘ra, qadimgi san’atning saqlanib qolgan asarlarini topish ko‘pincha imkonsiz va, albatta, metall, tosh yoki keramikadan yasalganlar bundan mustasno. Arxeologiya odamlar birinchi marta insoniyat tarixi bilan qiziqa boshlagan paytda paydo bo‘lgan.
Miloddan avvalgi V asrda yunon tarixchisi Gerodot qadimgi yodgorliklarga qiziqib, Misrga tashrif buyurgan. Biroq qadimgi yunon sivilizatsiyasi barham topgach, tarixga qiziqish susayganday tuyuladi. U faqat XVI asrda Italiya va Yunonistonga tashrif buyurgan o‘rta asr olimlari qadimgi madaniyatning saqlanib qolgan namunalariga e’tibor berishni boshlaganida qayta tiklangan. Italiya aholisi qadimiy tanga, vaza va boshqa buyumlarni qidirib, xarobalarni qazishni boshlagan. Tez orada ko‘pchilik “o‘tmishni qazish” bilan shug‘ullana boshlagan va shu tariqa arxeologiya fanining tamal toshi qo‘yilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.