20.02.2024
Ming yillar oldin odamzod uy qurishni bilmagan va toshli g‘orlarda yashagan. Shunday bo‘lsa ham, g‘orlarda yashaganlarning hatto tashqi ko‘rinishi ham bizga o‘xshamagan. Zamonaviy olimlar bu jonzotlarni neandertallar deb ataydi. Ularning miyasi — inson va hayvon o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri — hozirgi odamniki bilan bir xil o‘lchamda bo‘lgan. Lekin ularning yuzi ko‘rimsiz ko‘rinishda bo‘lib, qalin qoshi ko‘z ustiga tushib turgan. Neandertallarning bo‘yi 160 sm dan oshmagan va gavdasini hozirgi odam kabi tik tutmagan. G‘or odamlari o‘z makoni tozaligiga unchalik ham ahamiyat bermagan va barcha axlatni to‘g‘ridan to‘g‘ri oyog‘ostiga tashlagan.
Ming yil ichida ba’zi g‘orlar chirigan chiqindilar bilan deyarli to‘lib toshgan edi. O‘z makoni ichida o‘tirgan ibtidoiy odamlar g‘orlarning katta hajmi va ulardagi zimistondan qo‘rquv hissini tuygan. Shuning uchun ularni shamol, yomg‘ir va qordan himoya qilgan g‘orning kirish qismida qolishga harakat qilib, ichkariroq kirishga tavakkal qilmagan. Muzlik davrining oxiriga kelib kromanyonlar — neandertallarning tashqi ko‘rinishi hozirgi odamlarnikiga juda o‘xshash avlodlari Yevropaga ko‘chib o‘tishni boshlagan.
Ular ham o‘tmishdoshlari kabi g‘orlarda yashashni davom ettirgan. Asta-sekin ularning soni ko‘payib, g‘orda hamma uchun joy yetmay boshlagan. Shunda ularning ayrimlari shoxlardan kulba qurishni yoki yerga turar joy qazishni boshlagan. Aynan kromanyonlar Fransiyaning janubi va Ispaniyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi g‘orlarda mashhur, qoyaga o‘yib solingan tasvirlarning mualliflari bo‘lgan. Ushbu tasvirlar katta yutuq ekanligi bilan diqqatga sazovor, chunki ular odamlar tomonidan yaratilgan birinchi san’at asarlaridir. Ular juda ifodali va asosan kromanyonlar ovlagan hayvonlar — bizon, ayiq, to‘ng‘iz, mamont va karkidonlar tasvirlangan bu rasmlar o‘z yaratuvchilarining boy tasavvuri va iste’dodidan dalolat beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.