Tuproq nima?
Tuproq haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Bugungi kunda dunyoda mavjud bo‘lgan deyarli barcha tuproq qachonlardir yalang‘och qoyalar bo‘lganini bilasizmi? Millionlab yillar davomida tabiat ularga ta’sir qilib, yemirib, maydalab biz tuproq deb ataydigan qismlarga parchalab tashlagan. Toshlarning yemirilish jarayoni turlicha kechadi. Issiq va sovuq mavsum natijasida ularda yoriqlar paydo bo‘ladi. Shamol olib keladigan qum buluti ta’sirida tosh yediriladi. Muz parchasi uning yuzasini qirib tashlaydi. Qirg‘oq qoyasiga kelib uriladigan dengiz to‘lqini ularni asta-sekin yuvib, ulkan xarsanglarni mayda zarraga aylantiradi. Hatto ba’zi bakteriyalar ham toshni asta-sekin parchalaydigan kislota chiqaradi.

Tuproq tarkibidagi zarracha o‘lchami va soni bo‘yicha farq qiladi. Tuproqning bir qismi asosan qumdan iborat. Og‘ir, sovuq va nam loy tuproq bir-biriga mahkam jipslashgan zarradan hosil bo‘ladi. Qumoq tuproq esa qum va loy o‘rtasidagi narsadir. Toshloq yerda ko‘p miqdorda shag‘al mavjud. Chirindi yoki torf tuprog‘i nobud bo‘lgan o‘simliklarning chirishi natijasida hosil bo‘ladi hamda tarkibida qattiq zarralar, hatto eng maydalari ham aksincha, juda oz miqdorda bo‘ladi.

Umuman olganda, bironta o‘simlik o‘sgan har qanday tuproq juda murakkab tarkibga ega. Unda tosh parchalaridan tashqari mineral tuz, chirish jarayoni natijasida hosil bo‘lgan organik modda va tirik organizmlar (asosan sodda o‘simliklar) bo‘ladi.

Tuproqning qiymati uning o‘simlik ildizini ozuqa moddalari bilan hamda ularga havo va namlik kirishini ta’minlash layoqatiga bog‘liq. Undagi tirik mavjudotlar muhim ahamiyatga ega. Agar tuproq sterilizatsiya qilinib, ular o‘ldirilsa, u ortiq unumdor bo‘lmaydi. Biroq tuproqda o‘simlik uchun zarur bo‘lgan barcha moddalar mavjud bo‘lgan taqdirda ham, unda bu moddalarni eritadigan suv bo‘lmasa, bu tuproqda hech narsa o‘smaydi. Yaxshi tuproq namlikni idishdagi suvga solingan shimgich singari shimib oladi. Shuning uchun bunday tuproqdagi o‘simliklar uzoq vaqt davom etadigan qurg‘oqchilik paytida ham yashay oladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!