20.02.2024
Muzliklar asosan muzlik davrida boʻlgan deb oʻylamaslik kerak. Ular bugungi kunda ham tez-tez uchrab turadi. Eng keng tarqalgani Alp muzliklari hisoblanadi. Ular Yevropaning markazidagi 1200 dan ortiq muzliklar mavjud boʻlgan Alp togʻlari tizimi sharafiga nomlangan. Alyaska yarimorolining janubidagi baland togʻlarda esa ularning soni bir necha oʻn mingtani tashkil etadi. Alp yoki ularni boshqa nom bilan aytganda — vodiy muzliklari qorli choʻqqilardan qudratli muz daryolari singari pastga siljiydi.
Alp muzliklarining katta qismini hosil qiladigan koʻp miqdordagi qorning manbai tik togʻ yonbagʻirlari bilan oʻralgan va amfiteatrga oʻxshash vodiyning yuqori qismidir. Qorni u yerga shamol uchirib olib boradi va pastga qor koʻchkisi shaklida sirpanib tushadi. Yozda u erishga ulgurmaydi va yildan yilga qor qoplami qalinlashib boraveradi. Oxir-oqibat, qorning pastki qatlamlari zichlashib, erib, muzlaydi va muzga aylanadi. Qiyalikning yuqorirogʻida joylashgan qorning ogʻirligi ostida muz massasi asta-sekin vodiyga sirpanib tusha boshlaydi. Muzlik togʻlardagi qor massasidan pastroqqa tushgach eriy boshlaydi.
Erish jarayoni muzlikning harakatlanishidan tezroq boʻlmagan taqdirda, muzlik bir joyda qoladi. Agar vaziyat aksincha boʻlsa, unda muzlik xuddi ortga — vodiyning yuqori qismiga qaytgandek boʻladi. Alp muzliklari dengiz sohilidagi togʻlarning yonbagʻirlaridan siljib tushganda, ulardan ulkan muz boʻlaklari ajralib, suzuvchi muz orollari — aysberglarga aylanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.