Vulqonlar qanday paydo bo‘ladi?

1943-yilning fevral oyida Meksikaning bir tumanida odamlar oʻta noyob va hayratlanarli manzara — makkajoʻxori dalasining oʻrtasida yangi vulqon paydo boʻlganiga guvoh boʻlgan. Atigi uch oy ichida balandligi 300 metrli konus shaklidagi togʻ hosil boʻlgan. Natijada ikkita shahar vayron boʻlib, katta maydon kul va lava qatlami ostida qolgan. Xoʻsh, vulqonlarning paydo boʻlish jarayoni qanday kechadi?

Avvalo, Yerning markaziga yaqinlashgan sari Yer qaʼri harorati koʻtarilib borishini yodda tutish kerak. 35—40 km chuqurlikdagi tosh jinslarining aksariyat qismi erigan holatdadir. Minerallar qattiq holatdan suyuq holatga oʻtganda, ularning hajmi oshadi. Natijada Yer yuzining turli nuqtalarida yangi togʻ tizmalari koʻtariladi. Bu esa qobiqosti bosimining kamayishiga olib keladi va yangi hosil boʻlgan togʻlar ostida ulkan magma koʻllari — erigan minerallar paydo boʻlishi mumkin. Magma togʻ yaralgan vaqtda paydo boʻlgan yoriqlarni toʻldirib, yuqoriga koʻtariladi. Yerosti koʻllaridagi bosim juda oshganda, toshli yigʻmalar bunga dosh berolmay yuqoriga qarab egiladi va yangi vulqon hosil boʻladi.

Vulqon otilishi paytida Yer qaʼridan yuzaga qaynoq gaz, erigan jins va qattiq tosh parchalari aralashmasi otilib chiqadi. Soviy boshlagach, ular markazida krater deb ataluvchi, chuqurlik boʻlgan vulqonning konussimon choʻqqisini hosil qiladi. Kraterning oʻrtasida yer qaʼriga eltuvchi teshik — “ogʻiz” joy oladi. Ogʻiz orqali yuzaga chiqariladigan material asosan gazlar aralashmasidir. Ammo ular bilan birga kulga oʻxshash katta miqdordagi lava va qattiq zarralar ham otilib chiqadi. Lava aslida vulqondan oqib chiqadigan magmadir, lekin fizik va kimyoviy xususiyatlari bilan ikkinchisidan farq qiladi. Oʻzgarishlar magma yuzaga koʻtarilib, uning harorati va bosimi keskin pasayganda sodir boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!