20.02.2024
Yerda koʻplab daryolar mavjud. Kichik anhor va jilgʻalar birlashib, kattaroqlarini hosil qiladi. Ular oʻz suvini dengiz va okeanlarga eltadi. Masalan, Volga kabilari ichki dengiz va koʻllarga quyiladi. Qurgʻoqchil mintaqalar boʻylab oqadigan ayrimlari esa butunlay yoʻq boʻlib ketgunga qadar bugʻlanib yoki quruq tuproqqa singib kichrayib boraveradi.
Daryolarning oʻzi suvni yogʻingarchilik, shuningdek, togʻ choʻqqilaridagi eriyotgan qor va muzliklar, buloq yoki togʻ koʻllaridan oladi. Katta daryolar koʻplab irmoqlar, yaʼni ularga quyiladigan kichikroq daryolarga ega. Hatto Amerikaning Ogayo va Missuri kabi yirik daryolari ham ancha sersuv boʻlgan Missisipi daryosining irmoqlaridir. Oʻz navbatida ularning har biri suv bilan boshqa kichikroq irmoqlar hisobidan taʼminlanadi, shuning uchun Missisipining ulkan daryo tizimi minglab jilgʻa, anhor va daryolardan iborat. Bunday tizimni suv bilan taʼminlaydigan quruqlik maydoni daryo havzasi deb ataladi.
Janubiy Amerikadagi Amazonka daryosi dunyodagi eng katta havzaga ega boʻlib, uning hududi 7 050 000 kv km ni tashkil qiladi. Dunyodagi eng uzun daryo esa uzunligi 6670 km boʻlgan Afrikadagi Nildir.
Daryolar tuproqni sugʻoribgina qolmay, balki yil sayin uni asta-sekin yuvib, okeanga olib ketadi va yoʻq qiladi. Bu jarayon sekin kechadi, ammo ming yillar davomida uning natijalari juda sezilarli boʻladi. Amerikaning Kolorado daryosi tomonidan hosil qilingan Katta Kanyon, daryoning hatto toshlarga ham halokatli taʼsir qilishiga yaqqol misoldir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.