20.02.2024
Kunning 24 soatdan iborat boʻlishining yagona sababi shundaki, odamlar bunday hisobni vaqtni oʻlchash uchun eng qulay usul deb hisoblagan. Tabiatda biz vaqt haqida gapirganda foydalanadigan birliklar — soat, daqiqa va soniyalarning davomiyligini belgilaydigan hech narsa yoʻq. Lekin biz sutka yoki kun deb ataydigan narsaga mos keladigan vaqt oraligʻi haqida gap ketganda vaziyat boshqachadir.
Kunning davomiyligi Yer oʻz oʻqi atrofida gʻarbdan sharqqa tomon toʻliq aylanishni amalga oshiradigan vaqt oraligʻiga toʻgʻri keladi. Bu vaqt oraligʻi har doim bir xildir. Aslida sutka 24 soat emas, balki ancha kam ekani, ehtimol, sizni hayratda qoldirar. Olimlar yulduzlarga koʻra, Yerning toʻliq aylanish vaqtini aniq hisoblab chiqdi. Hisoblash tamoyili juda oddiy. U shundan iboratki, olimlar maʼlum bir yulduzning meridian — Shimoliy qutbdan Janubiy qutbga, Yerning aylanish yoʻnalishiga qatʼiy perpendikulyar ravishda choʻzilgan xayoliy chiziq ustida joylashgan vaqtini aniqlaydi. Bu lahza kunning boshlanishi deb hisoblanadi. Xuddi shu yulduz yana ayni meridian ustida paydo boʻlgan soniya uning tugashi hisoblanadi.
Shu tarzda oʻlchangan vaqt oraligʻi astronomik yoki yulduzli sutka deb ataladi va 23 soat 56 daqiqa 4,09 soniyaga teng. 366 astronomik sutka bir yilni tashkil etadi. Yil Yerning Quyosh atrofida toʻliq aylanish vaqtiga teng. Sutkada 24 soat bor deb qabul qilingani tufayli 1 yilda 365 1/4 kun boʻladi.
Qulaylik uchun taqvim shunday tuzilganki, har toʻrt yildan bir yil kabisa yili deb ataladi va u 366 kundan, qolgan uchtasi esa 365 kundan iborat. Ammo vaqt har doim ham shu tarzda oʻlchanmagan. Masalan, qadimgi Yunonistonda kunning davomiyligi tong va quyosh botishi oʻrtasidagi vaqtga qarab aniqlangan. Tungi soatlar shunchaki hisobga olinmagan. Ammo qadimgi rimliklar vaqtni biz kabi — yarimtundan keyingi yarimtungacha hisoblashni boshlagan. Soat ixtiro qilinishidan oldin tun ham, kunduz ham 12 ta teng oraliqlarga boʻlingan. Lekin bunday tizim noqulay boʻlgan, chunki yilning turli vaqtida tun va kun davomiyligi oʻzgaruvchandir.
Yozda kun tundan uzunroq, qishda esa aksincha ekani hammaga yaxshi maʼlum. Butun kunni har biri bir soatga teng 24 qismga ajratgan birinchi odamlar ham oʻsha qadimgi rimliklar boʻlgan. Bugungi kunda dunyoning deyarli hamma joyida vaqt shu tarzda oʻlchanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.