Shamol qanday paydo bo‘ladi?

Baʼzan sokin va ochiq havodan bahramand boʻlish uchun tashqariga chiqamiz. Ammo bir necha qadam yurishga ulgurmasdan, toʻsatdan shamol koʻtariladi. Garchi uni koʻrmasak ham, u qayerdan kelganini bilmasak-da, qoʻl va yuzimiz bilan uni juda yaxshi his qilamiz. Shamol bu — havo massalarining yerdagi harakati. Nima havoni harakatlanishga majbur qiladi? Bu savolga javob har doim bir xil — harorat oʻzgarishi. Havo isiganda u kengayib, yengilroq boʻladi va yuqoriga koʻtariladi. Shitob bilan uning oʻrnini ogʻirroq boʻlgan sovuq havo oqimi egallaydi. Mana shu hodisa — shamol!

Shamollarning ikki turi — global shamol tizimiga tegishli va mahalliy shamollar mavjud. Global shamol tizimi quyosh koʻproq qizdiradigan ekvatordan boshlanadi. U yerda isigan havo katta balandlikka koʻtarilib, Shimoliy va Janubiy qutblar tomon suriladi. Ekvatordan qutbgacha boʻlgan yoʻlning uchdan bir qismini bosib oʻtgach, u sovib yana yer yuzasiga tusha boshlaydi. Havo massalarining bir qismi qutblar tomon harakatini davom ettiradi, qolgani esa ekvatorga qaytadi. Odatda maʼlum bir mintaqada yil davomida bir xil yoʻnalishda esadiganlar hukmron shamollar deb ataladi.

Ba’zida shamol butunlay turli yoʻnalishlarda esadi. Bunga mahalliy shamollarning aralashuvi sabab boʻladi. Mahalliy shamollar yuqori bosimli sovuq havo massalari yoki past bosimli issiq massalar kelishi natijasida koʻtariladi. Odatda bu bir necha soat yoki kun davom etadi. Shundan soʻng hukmron shamollar esishni boshlaydi. Harorat farqi mahalliy shamollar yuzaga kelishining yana bir sababi boʻladi. Bu ayniqsa dengiz qirgʻogʻida aniq namoyon boʻladi. Kunduzi sovuq havo dengizdan quruqlikka qarab harakat qiladi, kechasi esa buning aksi boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!