Dovul va quyun o‘rtasida nima farq bor?

Boʻronlarning har xil turlari mavjud, ammo ularning barchasini bir narsa — havoning bir joydan ikkinchi joyga tez harakatlanishi birlashtiradi. Yomgʻir bilan birga keladigan, momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqadigan boʻron jala yoki momaqaldiroqli boʻron deb ataladi. Yoʻl-yoʻlakay koʻp miqdordagi changni olib keladigan shamol chang boʻroni deb ataladi. Dengizdagi boʻron — shtorm. Boʻronlarning eng xavfli va halokatli turlari dovul va quyundir. Dovullar tropik kengliklarda boshlanadigan boʻronlardir.

Masalan, Shimoliy Amerikada ular koʻpincha Meksika koʻrfazi orqali oʻtib, keyin qitʼaning butun sharqiy qirgʻogʻi boʻylab harakatlanadi. Xuddi shunday dovullar Uzoq Sharq va Xitoy dengizidagi orol va qirgʻoqlarga ham yopiriladi, ammo u yerda ular tayfunlar deb ataladi. Ikkala tur uchun ham umumiy nom — tropik dovul. Odatda boʻron diametri 150 dan 600 km gacha boʻlgan hududni qamrab oladi, shamol tezligi esa soatiga 120 dan 200 km gacha yetadi.

Dovulning qoq markazida boʻladigan va “dovul koʻzi” deb ataladigan tinch joy uning oʻziga xos xususiyatidir. Uning oʻlchami diametri 5 dan 20 km gacha boʻladi. Bu hududga tushib qolgan kishi uchun boʻron tugagandek tuyuladi. Biroq dovulning “koʻzi” harakatini davom ettira boshlagach, shamol avvalgi yoʻnalishiga qarama-qarshi yoʻnalishda esa boshlagan boʻlsa-da, kam boʻlmagan kuch bilan koʻtariladi. Chunki dovul aylanma boʻrondir. Boshqacha qilib aytganda, dovul oldinga siljigan sari shamollar aylana boʻylab esadi.

Aylanma boʻronning yana bir turi — quyun. U dovuldan koʻlami bilan farq qiladi, chunki uning diametri hech qachon 2,5 km dan oshmaydi. Quyun odatda momaqaldiroq boʻlayotgan, osmonni uyursimon qora bulutlar bosgan hududda boshlanadi. Quyun uzunligi atigi bir necha kilometr va kengligi bir necha yuz metr boʻlgan maydon boʻylab oʻtishi mumkin. Ammo u oʻz yoʻlidagi deyarli hamma narsani yakson qiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!