Momaqaldiroq xavflimi?

Koʻpchilik odamlar jala paytida momaqaldiroqning gumburlashini eshitganda qoʻrqib, seskanadi. Ammo momaqaldiroqdan qoʻrqish uchun hech qanday sabab yoʻq. Uning ovozi sizga yetib kelganda, momaqaldiroqni keltirib chiqargan chaqmoqning elektr razryadi oʻchganidan beri ancha vaqt oʻtgan boʻladi. Ularning orasidagi vaqt oraligʻi bir necha oʻn soniyaga yetishi mumkinligining sababi, yorugʻlikning tarqalish tezligi tovush tezligiga nisbatan ancha yuqori ekani bilan izohlanadi.

Chaqmoqdan ehtiyot boʻlish kerakmi? Umuman olganda, ha, chunki chaqmoq nafaqat zarar yetkazgan, balki odamlarni oʻldirgan holatlar ham mavjud. Ammo momaqaldiroq paytida oʻzingizni toʻgʻri tutsangiz (masalan, dala boʻylab yugurmang va yolgʻiz turgan daraxt ostida yashirinmang), unda chaqmoq urishi ehtimoli juda kichik. Yuqorida aytib oʻtilganidek, xavfning sababi chaqmoqda jamlangan kuchli elektr zaryadidir. Ayniqsa, tungi momaqaldiroq paytida osmonda kuchli chaqmoq chaqsa, atrof bir lahzaga kunduzi kabi yorugʻlashadi. Chaqmoqlar odatda ikki bulut orasidagi boʻshliqda kuzatiladi.

Baʼzan chaqmoq bulutdan yerga yoki uning yuzasidagi biron bir jismga uriladi, ora-chorada esa buning teskarisi sodir boʻladi. Chaqmoq quyidagicha paydo boʻladi: jala paytida yer va bulutlar orasidagi boʻshliq elektrlanadi va unda musbat, hamda manfiy elektr zaryadlari toʻplana boshlaydi. Ular orasidagi farq yetarli darajada kattalashganda, ular orasida elektrsizlanish (razryad) roʻy beradi. Mana shu narsa chaqmoqdir. Chaqmoq tushishi paytida havoda bir zumda siqilgan (yuqori bosimli) va kengaygan (past bosimli) hududlar paydo boʻladi. Ular kuch bilan oʻzaro toʻqnashib, biz momaqaldiroq deb ataydigan gumburlashni keltirib chiqaradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!