20.02.2024
Kondensatsiya bugʻlanishga teskari boʻlgan jarayondir. Bugʻlanish paytida suyuqlik gaz yoki bugʻga aylanadi, kondensatsiyada esa, aksincha, gaz yoki bugʻ suyuq, qattiq holatga oʻtadi. Kondensatsiya gaz yoki bugʻ hajmi siqilganda yoki soviganida sodir boʻladi. Kondensatsiya paytida juda qiziq narsalar roʻy beradi. Birinchidan, moddaning gaz holatidan suyuq holatga oʻtish paytida egallagan hajmning keskin kamayishi yuzaga keladi.
Ikkinchidan, atrof-muhitga kondensatsiya issiqligi deb ataladigan issiqlik energiyasi ajralib chiqadi. Masalan, har bir gramm suv bugʻi kondensatsiyalanganida 540 kaloriya ajralib chiqaradi. Kondensatsiya atrofimizdagi olamda sodir boʻladigan bir qator jarayonlarda muhim oʻrin tutadi. Daryo, koʻl, dengiz va okeanlardan bugʻlanib, atmosferada sovigan suv yana kondensatsiyalanadi va natijada bulutlar paydo boʻladi. Maysa va barglardagi shudring namlik bilan toʻyingan havo ularning sovigan yuzasi bilan aloqa qilganda hosil boʻladi. Yozning issiq kunida muzdek suv solingan stakanni ochiq havoga olib chiqsangiz, kondensatsiya koʻzingiz oʻngida roʻy beradi. Albatta, bunday hollarda stakan devorlari “terlaganini” payqagan boʻlsangiz kerak. Buning sababi shundaki, havodagi suv bugʻlari sovuq shisha bilan aloqa qilganda uning yuzasida kondensatsiyalanadi.
Baʼzida modda gaz holatidan toʻgʻridan toʻgʻri qattiq holatga ham oʻtishi mumkin. Bu atrof-muhit yoki bugʻ kondensatsiyalanadigan yuza harorati muzlash haroratidan past boʻlganda sodir boʻladi. Aynan shu hodisa tufayli sovuq kunda koʻchada sayr qilayotgan baʼzi odamlarning soqol va moʻylovlarida mayda muz zarralari yoki qirov paydo boʻladi. Odam nafas olganda chiqaradigan havodagi suv bugʻlari soqol tuklarida kondensatsiyalanib, muzga aylanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.