20.02.2024
Doʻl kam uchraydigan yogʻin-sochinlardan biri hisoblanadi. U yerga gala boʻlib tushib, unga va uning yuzasidagi turli xil narsalarga kuch bilan urilib, koʻpincha sezilarli zarar keltiradigan doʻl donachalari juda ajib manzara hosil qiladi. Katta doʻl kamdan kam hollarda hayvon yoki odamni yaralashi va hatto oʻldirishi mumkin.
Odatda doʻl iliq ob-havo sharoitida yogʻadi va koʻpincha momaqaldiroq, chaqmoq va yomgʻir bilan birga keladi. U yomgʻir tomchilari atmosferaning sovuq qatlamlaridan oʻtayotib muzlaganda hosil boʻladi. Albatta, yakka tomchilar juda kichik doʻl donachalariga aylanadi, ammo baʼzida ular bilan ajoyib hodisalar yuz beradi. Pastga tushayotganda bunday doʻl yerdan koʻtarilayotgan havo oqimiga duch kelishi mumkin. Shunda u yana yuqoriga — yomgʻir tomchilari hali muzlashga ulgurmagan joyga koʻtariladi. Tomchilardan baʼzilari unga “yopishadi” va u yana sovuq havo qatlamlariga tushib muzlaydi. Natijada, doʻl donachasining oʻlchami yanada kattalashadi.
Doʻl donachasi koʻtarilayotgan havo oqimlari endi uning ogʻirligini ushlab turolmaydigan darajaga yetguncha bir necha bor pastdan yuqoriga va teskari harakatlarni amalga oshirishi mumkin. Ana oʻshanda u yerga shitob bilan tushadigan fursat keladi. Diametri 8—10 sm, vazni esa 450 g gacha boʻladigan doʻllar shu tarzda hosil boʻladi.
Baʼzan sayyoramizning sovuq hududlarida doʻlga nafaqat yomgʻir, balki qor parchalari ham yopishib muzlaydi. Shuning uchun koʻpincha bunday doʻl donachalari yuzasidagi qor qatlami ostida muz qatlami boʻladi. Ayrim hollarda vaqti-vaqti bilan yogʻadigan qor va yomgʻir aralashmasi yoki qorning qattiq turini doʻl deb oʻylashadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.