Nega Amerika aynan shu nom bilan ataladi?

Amerikani Kolumb “ochgani” haqida hamma eshitgan. Unda nega bu qitʼa Kolumbning nomini olmagan? Bunga tasodif sababchidir. 1492-yilning 12-oktabrida — Kolumbning birinchi sayohati vaqtida uning dengizchilari ufqda uzoq kutilgan yerni payqagan. Ularning kapitani qirgʻoqqa chiqib, qirol Ferdinand va qirolicha Izabella nomi bilan bu yerni Ispaniyaning mulki deb eʼlon qilgan va uni San-Salvador deb atagan.

Biroq bu yer maydoni materik hududining bir qismi emas, balki Bagama arxipelagidagi orollardan biri edi. Kolumb orzu qilgan Hindiston qirgʻoqlariga yetib kelganiga ishongani uchun orol aholisini hindular deb atagan. Kolumb Yaponiyani qidirib yon atrofdagi dengizlarda ham sayohat qilgan, ammo uning oʻrniga Kuba va Espanyola orollarini topgan.

Nihoyat qaytib kelishdagi koʻplab qiyinchiliklardan soʻng 1493-yil 14-martda u Ispaniyaga qaytib keldi. 1493-yil 24-sentabrda boshlangan ikkinchi safari davomida Kolumb Virjiniya orollarining bir nechtasi, Puerto Riko va Yamaykani kashf etgan. Biroq u Hindistonga yoʻl topishga intilaveradi. Uchinchi safarida u Trinidad orolini topgan, hatto Janubiy Amerika sohillariga ham tushgan, ammo uni katta orol yoki orollar tizmasi deb hisoblagan.

Ayni shu vaqtda boshqa sayohatchi — Amerigo Vespuchchi Janubiy Amerikaning materik qismiga birinchi boʻlib oʻz dengizchilari bilan tushganini daʼvo qila boshladi. Uning soʻzlariga koʻra, bu 1497-yil 16-iyulda sodir boʻlgan, ammo koʻplab tarixchi olimlar Vespuchchi sayohatni 1499-yildan oldin amalga oshirmagan deb hisoblaydi. U 1501-yilda Janubiy Amerika qirgʻoqlari boʻylab suzib yurganida yangi qitʼani kashf etganini haqida Yevropaga xatlar yuborgan. Nemis kartograflaridan biri xaritada yangi qitʼani belgilashda ushbu maʼlumotdan foydalanib, uni “Amerika” (Amerigo Vespuchchi sharafiga) deb nomlagan. Oʻshandan beri bu nom hamma tomonidan ishlatila boshlangan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!