20.02.2024
Bugungi kunda lotin tilida gapirishni yoki oʻqishni oʻrganadigan kishilar koʻp boʻlmasa kerak. Bu tilni faqat olimlar yoki shifokorlar, unda ham faqatgina oʻzining professional maqsadlarida foydalanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda lotin tilini “oʻlik til” deb ataymiz. Ammo bir vaqtlar u “tirik” boʻlgan. Miloddan avvalgi 753-yilda tashkil etilgan Rim kichik aholi punktidan asta-sekin katta shaharga aylana boshlagan. Unda va unga tutash joylarda yashagan aholi lotin tilida gaplashgan. U Tibr vodiysida yashagan qabilalardan biri — lotinliklar sharafiga shu nom bilan atalgan va turli xil mahalliy lahjalar aralashmasidan iborat boʻlgan.
Ilgari lotin tili qoʻpol va quloqqa yoqmaydigan til boʻlib, keyinchalik deyarli izsiz gʻoyib boʻlgan. Oʻsha vaqtlarda rimliklar oʻz yozuviga ega boʻlmagan. Biroq miloddan avvalgi 740-yilda ular Yunonistonni zabt etgach, uning madaniyati, shu jumladan, adabiyoti bilan tanishib, uni oʻziga oʻrnak sifatida qabul qilgan. Lekin oddiy rimliklarning aksariyati oʻqish yoki yozishni bilmagan. Ammo ular teatrni juda yaxshi koʻrgan va shu sababli Rim shoirlari koʻplab dramatik asarlar yaratgan. Bu vaqtga kelib, lotin tili deyarli tanib boʻlmaydigan darajada oʻzgarishga (koʻp jihatdan) ulgurgan. Aniq imlo va grammatik qoidalarga ega lotin yozuvi paydo boʻlgan va uning sharofati bilan avom xalqning ogʻzaki nutqi ham, Rim zodagonlari muloqot qilgan nafis til ham bizgacha yetib kelgan.
Lotin tiliga shu tarzda asos solindi va keyinchalik yozuvchilar uni chinakam goʻzal va juda ifodali tilga aylantirdi. Adabiy lotin tili doimiy ravishda rivojlanib, takomillashib borganiga qaramay, rimliklar kundalik hayotda avom (lotin) tilidan foydalanishda davom etgan. Oliy maʼlumotli kishilar foydalangan adabiy tildan farqli oʻlaroq, avom tili hamma uchun tushunarli va sodda boʻlsa-da, har doim ham grammatik jihatdan toʻgʻri boʻlmagan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.