20.02.2024
Angliyaning qadimgi aholisi hayotida koʻpgina butparast udum va urf-odatlar muhim ahamiyat kasb etganiga duch kelgan xristian cherkovi ularni butunlay yoʻq qilishdan koʻra ularga xristianlik uchun maqbul koʻrinish berish yaxshiroq deb qaror qilgan. Ayrim ingliz urf-odat va udumlarining yoshi 2000 yildan oshadi.
Masalan, boylik ortishi va yovuz kuchlardan himoya qilish uchun moʻljallangan qadimiy udumlar, garchi biroz oʻzgargan koʻrinishda boʻlsa ham zamonaviy odamlarning hayotida mavjud. Boshqa urf-odatlar uzoq oʻtmishdagi qahramonlar yoki yirik tarixiy voqealar sharafiga boʻlgan bayramlarga daxldor. Boshqalari esa bir vaqtlar amaliy maʼnoga ega boʻlgan, ammo hozir ramziy boʻlgan harakatlardan kelib chiqadi. Qadimgi davrlardan bizgacha yetib kelgan xalq raqslari marosim ahamiyatini yoʻqotgan boʻlsa ham deyarli oʻzgarmagan.
Xalq qahramonlari haqida hikoya qiluvchi afsonalar dastlab faqat ogʻzaki shaklda boʻlgan va shuning uchun ularning hozirgi koʻrinishi dastlabki manbalardan qanchalik farq qilishini aniqlash qiyin. Britaniya qahramonlarining aksariyati, shu jumladan, qirol Artur ham qadimgi kelt afsonalarining qahramonlari va ular orasida deyarli yagona ingliz vakili bu — Robin Gud.
Koʻpchilik urf-odat va udumlar Rojdestvo, maslenitsa, Pasxa, bahor kelishini nishonlash kabi xalq bayramlari bilan bogʻliq. Ular hamma joyda nishonlansa-da, turli mintaqalarda har xil koʻrinishga ega. Koʻp asrlar davomida rioya qilingan koʻplab urf-odatlar soʻnggi oʻn yilliklarda odamlarning mamlakat ichi va tashqarisiga ommaviy koʻchishi, shuningdek, ikki Jahon urushi davrida boshdan kechirilgan ijtimoiy larzalar natijasida, asta-sekin yoʻq boʻla boshlagan. Hali ham saqlanib qolganlari esa hozirgilarni uzoq ajdodlari bilan bogʻlaydigan koʻpriklardan biridir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.