20.02.2024
“Vig” (XVII—XIX asrlarda Angliyada, 1834—1854-yillarda AQShda; siyosiy partiya) soʻzi shotlandlarning “viggamor” soʻzidan kelib chiqqan. Shotlandiyada ingliz hukmronligi bilan murosa qilishni istamagan va oʻz mustaqilligi uchun astoydil kurashgan kambagʻal dehqonlar shunday atalgan. Qirol Charlz II hukmronligining oxiriga kelib, Angliya parlamentida qirolga qarshi partiya tashkil topgan va asosan protestantlardan iborat boʻlgan uning vakillari viglar nomini olgan. 1660-yilda Charlz II Angliyaga qaytib taxtga oʻtirguniga qadar, parlament aʼzolari uyushgan guruhlarga birlashmay, oʻzining siyosiy eʼtiqodiga koʻra yakka tartibda harakat qilgan. Soʻngra restavratsiya davri boshlanib, Angliya yana monarxiyaga aylangan, ammo oʻsha paytda qirol avvalgidan ancha kam hokimiyatga ega boʻlgan. Parlamentda alohida guruhlar shakllanishni boshlagan va ular asta-sekin hozirgi kungacha mavjud boʻlgan siyosiy partiyalarga aylangan.
XVII asr oxiri va XVIII asr boshlari ingliz jamiyatida katta ijtimoiy oʻzgarishlar davri boʻlgan. Hindiston va Yangi dunyo bilan dengiz savdosida hukmronlik qilgan Gollandiya raqobatchilari oldida ustunligini yoʻqota boshlagan. Bu mamlakat “quyosh qirol” Lyudovik XIV boshqargan Fransiyaga qarshi urushda omon qolish uchun uzoq davom etgan kurashga dosh berishga majbur boʻlgan. Bu ingliz dengizchilari va savdogarlariga imkoniyat yaratgan va ular buni paysalga solmay vaziyatdan foydalangan.
Qisqa vaqt ichida koʻpchilik ulkan boylik orttirishga erishgan va bu ilgari deyarli imkonsiz boʻlgan. Chunki Angliyaning barcha boyliklari yerga egalik qilgan bir nechta eski sulolalar qoʻlida boʻlgan. Albatta, ingliz jamiyati boy qismining bu ikki qatlami oʻrtasida raqobat va adovat paydo boʻlgan. Bu ikki qismga boʻlingan parlament tarkibida oʻz aksini topgan. Oʻz biznesini tinch tashqi siyosat va yagona barqaror valyuta bilan himoya qilishga intilgan savdo partiyasi “viglar partiyasi” deb nomlandi. Qirol va Styuartlar sulolasiga sodiqligini har tomonlama namoyon etgan, katoliklarga nisbatan bagʻrikengroq boʻlgan va jahon savdosining rivojlanishiga unchalik ham moyil boʻlmagan yerga egalik qiluvchi zodagon oilalar vakillari “tori” deb ataluvchi partiyaga birlashgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.