Devid Livingston kim?
David livingston kim?
2 min
Tarix

Devid Livingston 1813-yilda Shotlandiyaning Blantare grafligida tugʻilgan. Oʻn  yoshida u paxta yigiruv fabrikasida ishlashni boshlagan va birinchi maoshiga lotin tilidagi alifbe kitobini sotib olgan. Holdan toydiradigan ishiga qaramay, u kechki maktabga borishni uddalagan va bundan tashqari, uyda ham juda koʻp shugʻullangan. 20 yoshga toʻlganida, u Osiyodagi missionerlar faoliyati haqida oʻqigan tavsiflari taʼsirida oʻz hayotini oʻta muhtoj va qashshoqlikda yashayotgan odamlarning taqdirini yengillashtirishga bagʻishlashga qaror qiladi. U Glazgodagi kollejga oʻqishga kirgan va yakuniy imtihonlar natijalariga koʻra London missionerlik jamiyatiga qabul qilingan. Londonda u tibbiy taʼlim olishga ham muvaffaq boʻlgan.

Tibbiyotdan tashqari kelajakda oʻziga foydali boʻlishi mumkin boʻlgan ilohiyot, botanika, zoologiya va astronomiyani ham oʻrgangan. 1841-yilda doktor Livingston Keyptaun shahriga kelib, hayotining keyingi 30 yili davomida butun Afrika qitʼasi boʻylab sayohat qilib, uni eniga va boʻyiga kezib chiqqan. Bu vaqt ichida u koʻplab kashfiyotlar qilishga muvaffaq boʻlgan. Ular orasida eng ahamiyatlilari — qudratli Viktoriya sharsharasini kashf etish va Kongo daryosining yuqori oqimini oʻrganish boʻlgan. Kitoblarini sotishdan tushgan kamchil daromad va pul unga yangi ekspeditsiyalarni jihozlash, moliyalashtirish uchun bazoʻr yetgan.

Livingstonning soʻnggi sayohati fojiali yakun topgan. U tropik bezgakdan zaiflashgan paytda mahalliy hammollar uni oziq-ovqat va dori-darmonsiz yolgʻiz tashlab ketgan. N. M. Stenli boshchiligida yuborilgan qutqaruv ekspeditsiyasi uni topishga muvaffaq boʻlgan. Stenli Livingstonni u bilan birga, ortga qaytishga koʻndirishga uringan, ammo u bu taklifni rad etib, biroz kuch toʻplagach Nilning suvboshini qidirib, gʻarbga yoʻl olgan. Yoʻlda u asoratli dizenteriya kasalligiga chalingan. Doktor Livingstonning sogʻligʻi tobora yomonlashib borgan va 1873-yil 1-mayda vafot etgan.

Unga sodiq qolgan mahalliy yordamchilar uning jasadini saqlab qolishga harakat qilgan. Ular jasur sayohatchining jasadini Afrikaning yarmi boʻylab eng yaqin ingliz koloniyasiga olib borgan. Keyinchalik u Angliyaga olib borilgan va izzat-ikrom bilan mashhur Vestminster abbatligidagi qabristonga dafn etilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!