20.02.2024
Qadimgi yunonlar davridan bizgacha Atlantida deb nomlangan yoʻqolib ketgan orol yoki qitʼa haqidagi hikoyalar yetib kelgan. Odamlar u Atlantika okeanida, Gibraltardan gʻarbda, Yevropa qirgʻoqlaridan unchalik uzoq boʻlmagan joyda joylashgan va mukammal joy — Yer yuzidagi jannat boʻlgan deb hisoblagan.
Afsonaga koʻra, Atlantida butun Janubi-gʻarbiy Yevropa va Shimoli-gʻarbiy Afrikani zabt etgan, qudratli qirollik boʻlgan. Uning hukmronligi sharqqa tarqalishi qadimgi Yunoniston aholisi, afinaliklar tomonidan toʻxtatilgan. Bu sodir boʻlgandan soʻng Atlantida aholisi asta-sekin yaxshi xislatlarini yoʻqotib, koʻplab gunohlarga qoʻl urgan va turli xil illatlarga berila boshlagan. Bu bilan ular maʼbudlarni gʻazablantirgan va ular jazo sifatida ulkan orolni okeanga gʻarq qilgan.
Bu afsona bizga miloddan 300 yil avval yashagan buyuk yunon faylasufi Platonning asarlari tufayli yetib kelgan. Uning soʻzlariga koʻra, orol kitobda ushbu afsona bayon qilinishidan 9000 yil oldin gʻoyib boʻlgan. Oʻrta asrlarda odamlar Atlantida haqidagi hikoyalarning haqiqatligiga ishongan. XIV va XV asrlarda bu qitʼani qidirish uchun koʻplab ekspeditsiyalar tashkillashtirilgan.
Afsona haqiqatdan ham sodir boʻlgan voqealarga asoslangan boʻlishi mumkin. Balki bir vaqtlar sayohatchi oʻz vataniga qaytib, vatandoshlariga notanish va gʻalati mamlakat toʻgʻrisida gapirib bergan va vaqt oʻtishi bilan bu hikoyalar Atlantida haqidagi afsonaga aylangandir. Hatto hozir ham bunday qitʼa mavjud boʻlganiga qatʼiy ishonadigan odamlar bor.
Atlantidaga aloqador maʼlumotlarning koʻpidan boxabar boʻlgan insonlarning fikriga koʻra, bu odamzod birinchi marta sivilizatsiyani yaratgan, xususan, temirni qayta ishlashni oʻrgangan va yozuvga ega boʻlgan joy boʻlgan. Ularning fikriga koʻra, qadimgi davrlarda odamlar sigʻingan maʼbudlarning aksariyati haqiqatan ham Atlantida qirol va qirolichalar boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.